Hindiston, Pokiston va Eronni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga teng huquqli a'zolar sifatida qabul qilish ehtimoli, Yevroosiyo iqtisodiy hududini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ladi. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev TASS bosh direktori birinchi o‘rinbosari Mixail Gusmanga bergan intervyusida shunday fikrlarni bildirgan.
"Shanxay hamkorlik tashkiloti - Yevro-Osiyo mintaqasidagi muhim birlashmadir. ... Hozirgi kunda u muhim bosqichni boshidan kechirmoqda - Toshkentda biz ikkita yangi a'zolar: Hindiston va Pokistonni qabul qilamiz. Eronning a'zoligiga oid shartlarni muhokama etamiz. ... Bularning bari zamona chaqiriqlariga munosib javobdir", - deb qayd etgan Qozog‘iston davlat rahbari.
Nazarboyevning fikricha, AQSh sa'yi harakatlari bilan Tinch okeani va Transatlantika mintaqalarida erkin savdo hududlarning tashkil etilishi, Yevroosiyo mamlakatlarida muqobil iqtisodiy blokni shakllantirish masalasini kun tartibiga chiqarmoqda.
23 iyun kuni ShHT o‘zining 15 yilligini nishonlaydi. Tashkilot, jahon aholisining 44 foiziga ega 18ta davlatni birlashtiradi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Xitoy tashkilotning teng huquqli a'zolari hisoblanadi. Afg‘oniston, Belorussiya, Hindiston, Eron, Mo‘g‘iliston va Pokiston rasmiy kuzatuvchilar maqomiga ega bo‘lsa, Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka davlatlari muloqotdagi hamkorlar hisoblanadi.