Toshkentdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti boshlanishi arafasida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Rossiyadagi "Rossiya 24" telekanaliga intervyu berdi va ShHT tuzilishidan maqsad, uning ahamiyati haqida, shuningdek, yadroviy xavf haqida gapirib o‘tdi.
"Shanxay hamkorlik tashkilotini Yevroosiyodagi juda muhim tashkilot deb bilaman. Tashkilotning vazifalaridan asosiylari, birinchidan mintaqadagi xavfsizlikni ta'minlash, ikkinchidan - iqtisod, uchinchidan gumanitar yo‘nalishda hamkorlikni ta'minlash", degan prezident TASS axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusmanga bergan intervyusida.
U yadro xavfsizligi masalasiga alohida to‘xtalgan.
"Biz bu yili poligon yopilganining 25 yilligini qayd etib o‘tishni istaymiz. Olimlar va siyosatchilarni insoniyatga katta xavf solib turgan muammoga e'tibor qaratishga taklif etamiz. 15 ming yadro kallaklari sayyoramizni necha marta yo‘q qilib yuborishga qodirligi haqida hech kim o‘ylab ko‘rmayapti.
Ekologik falokatlar, iqlim isishi va boshqa o‘zgarishlar haqida gaplashamiz. O‘ylaymanki, bu juda muhim masala va barcha bu haqida qayg‘urishi kerak", deya qayd etgan Nazarboyev.
Nazarboyevning aytishicha, AQSh sa'yi harakatlari bilan Tinch okeani va Transatlantika mintaqalarida erkin savdo hududlarning tashkil etilishi, Yevroosiyo mamlakatlarida muqobil iqtisodiy blokni shakllantirish masalasini kun tartibiga chiqargan.
"Agar AQSh Tinch okeani va Transatlantika mintaqasida erkin savdo hududini tuzsa, biz o‘rtada qolib ketamiz. Shu sababli bu yerda uchinchi iqtisodiy hamjamiyat, ulkan va o‘ta muhim bo‘lgan uchinchi uyushma paydo bo‘lmoqda", degan u.
Bugun, 23 iyun kuni Toshkentda ShHT sammiti ochiladi. Unda 11ta hujjat imzolanishi kutilmoqda. Shulardan eng muhimi tashkilotga asos solinganining 15 yilligi munosabati bilan imzoladigan "Toshkent deklaratsiyasi" bitimidir.