Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron o‘z rafiqasi bilan Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqish haqidagi savol bo‘yicha o‘tkazilayotgan referendumda ovoz berib chiqdi. Bu haqda Daily Mail xabar tarqatgan.
Nashr chop etgan suratda Kemeron saylov uchastkasidan o‘z rafiqasi bilan qo‘l ushlashgan holda chiqib kelishi tasvirlangan.
Referendumda Buyuk Britaniya qirolligi aholisining 46,5 milliondan ortiq vakili ishtirok etishi kutilgan. Ob-havo noqulayligi tufayli davomat pastroq bo‘lishi mumkin.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, britaniyaliklarning 48 foizi qirollik Yevropa Ittifoqini tark etishiga qarshi, 42 foiz britaniyalik bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan, yana 10 foiz kishi aniq qarorga ega emasligini bildirgan.
Qayd etish kerakki, Kemeron mamlakat YeIda qolishi tarafdori hisoblanadi.
Britaniyaning YeIdan chiqishiga qarshilar - hukumat a'zolari va yirik tadbirkorlar hisoblanishadi. Ular YeIdan chiqilsa, iste'mol mahsulotlari narxi hamda soliqlar oshishi ortidan iqtisodiy inqiroz yuzaga kelishidan xavfsirashmoqda. Ular referendum arafasida tashviqot kampaniyalarini kuchaytirishdi.
Bundan oldinroq, Buyuk Britaniyadagi yetakchi gazetalar fuqarolarni referendumni inkor etmaslikka va saylov uchastkalariga kelishga chaqirib chiqqandi.
Britaniyada YeIdan chiqish masalasi bo‘yicha referendum boshlandi