Hindiston va Pokiston tarkibga qabul qilinishi evaziga Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarining jami YaIM hajmi deyarli 2 barobar ortadi va 20 trln dollarga yetadi. Bu haqda Rossiya prezidentining ShHTdagi maxsus vakili Baxtiyor Xakimov jurnalistlarga ma'lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ShHTning 6 mamlakati (RF, Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston)ning yalpi ichki mahsuloti hajmi 12 trln dollarni tashkil etadi.
"Hindiston va Pokiston qo‘shilishi evaziga bu miqdor 20 trln dollarga yetadi", degan Xakimov.
U shuningdek, bu qo‘shilishdan keyin ShHT tarkibiga kiruvchi mamlakatlarning jami aholisi soni 3 mlrd kishiga yetishini ta'kidlagan.
Xakimov Hindiston va Pokistonning tashkilotga qabul qilinishi terrorizmga qarshi kurash va mintaqada xavfsizlikni ta'minlash borasidagi imkoniyatlarni kengaytirishini, shuningdek, iqtisodiy sohalardagi imkoniyatlarni oshirishiga ham xizmat qilishini qo‘shimcha qilgan.
Uning ishonch bildirishicha, ShHT tarkibi kengayishi birlashmani yangi darajaga ko‘taradi.