Buyuk Britaniyada 23 iyun kuni, mahalliy vaqt bilan soat 07:00da (Toshkent vaqti bilan soat 11:00) qirollikning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi bo‘yicha referendumda ovoz beruvchilar uchun saylov uchastkalari ochildi.
The Independent xabariga ko‘ra, uchastkalar yarim tungacha (mahalliy vaqt bilan soat 02:00gacha, Toshkent vaqti bilan 24 iyun, soat 06:00) ochiq bo‘ladi va keyin ovozlarni hisoblash boshlanadi. Yakuniy natijalar 24 iyun kuni tongida markaziy shtab joylashgan Manchester shahrida e'lon qilinadi.
Referendumda saylovchilar (46,5 million kishi, shundan 24,1 ming kishi Gibraltarda) "Buyuk Britaniya qirolligi Yevropa Ittifoqi tarkibida qolishi kerakmi?" (Vote Leave - Chiqish, Remain - Qolish) savoliga javob qaytarishlari kerak bo‘ladi.
Saylov uchastkalarida saylov komissiyasi vakillari hamda kuzatuvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ovoz berishlar oldidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, qirollik YeI tarkibida qolishini yoqlovchilar soni nisbatan ko‘proqni tashkil qilmoqda.
22 iyun kuni Times nashri buyurtmasiga ko‘ra so‘rov o‘tkazgan YouGov firmasi ma'lumotiga ko‘ra, britaniyaliklarning 51 foizi Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishiga qarshi, 49 foiz so‘raluvchi "ha" deb javob bergan. Bu firma o‘tkazgan avvalgi so‘rovnomada ishtirokchilarning ko‘pchilik qismi YeIda qolishga qarshi chiqqandi.
Britaniyaning YeIdan chiqishiga qarshilar - hukumat a'zolari va yirik tadbirkorlar hisoblanishadi. Ular YeIdan chiqilsa, iste'mol mahsulotlari narxi hamda soliqlar oshishi ortidan iqtisodiy inqiroz yuzaga kelishidan xavfsirashmoqda. Ular referendum arafasida tashviqot kampaniyalarini kuchaytirishdi. Brexit tarafdorlari o‘z muxoliflarini aholini qo‘rqitish va axborot manipulyatsiyasida ayblamoqda.
Mamlakat bosh vaziri Devid Kemeron Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish tarafdorlari boshida turibdi. U 2015 yilning mayida qayta saylanganida shu haqda va'da bergandi. U mamlakatni blok tarkibida saqlab qolish uchun faol ravishda harakat qilib kelmoqda.