O‘z farzandining hofizi Qur'on bo‘lishini, Allohning kalomini qalbiga joylab, undagi ko‘rsatmalarni hayotining oltin qoidalariga aylantirishini niyat qilgan ota-onalar bor. Umumiy olganda qo‘liga kalomullohni olib, undagi bir dona oyatni tilovat qilgan kishiga bitmas-tuganmas ajr, o‘sha oyat yangragan xonadonda esa bitmas-tuganmas yaxshilik, baraka va fayz bo‘lishi hech kimga sir emas. Ayniqsa, bu kabi savobli ishlar oylar sultoni Ramazonda bo‘lsa...
Shu munosabat bilan Qadriyat.uz saytida hofizi Qur'onlardan biri Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan suhbat uyushtirildi.
— Qori aka, Ramazon sharif kechalaridagi xatmi Qur'onda qiroatingizdan bahramand bo‘lmoqdamiz. Alloh rozi bo‘lsin. Albatta, bunga erishishda ustozlarning o‘rni beqiyos. Sizga Qur'oni karimdan ta'lim bergan ustozlaringiz haqida eslab o‘tsangiz.
— Ilk ustozimiz padari buzrikvorimiz Yahyoxon qori bo‘ladilar. U kishi otalari Boqibilloh qorida Qur'oni karimni hifz qilganlar. Hayotlarining so‘nggi o‘n yilida masjidda xizmat qilganlar. Avval “Devonaboy” masjidida noibi imom, 1983 yildan “Uyg‘ur” masjidda imom xatiblik qilganlar. 1989 yil olamdan o‘tganlar.
Onamning sa'y-harakatlari bilan bobomiz Habibulloh hoji dada bizni o‘z ustozlari Qobil Oxun domlaning nabiralari, marhum ustozimiz Badriddin qori akaga olib borib topshirganlar. U kishidan hamda ikki ukalari Ziyouddin va Sirojiddin qori akalardan ta'lim olganmiz. Bir qator yodlab yetkazgach, takror va xatmga tayyorgarlikda asosan Badriddin qori akamga o‘qib berganmiz.
— O‘zlari qori bo‘lmagan muxlislar farzandlarini yoshlikdan Qur'oni karimga muhabbatli qilib tarbiyalashda nimalarga e'tibor berishlari kerak? Shuningdek, farzandini qori qilmoqchi bo‘lganlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
— Bu juda ham muhim va tafsilot talab qiladigan savol. Qisqacha bo‘lsa-da, asosiy e'tibor berish kerak bo‘lgan nuqtalarga to‘xtalib o‘tsak. Ulamolarimiz va ulug‘larimizning bu boradagi tavsiyalari va tajribalarini o‘rganar ekanmiz, farzand tarbiyasi haqida hali oila qurmay turiboq g‘am qilish kerak. Farzandini qori qilmoqchi bo‘lgan kishi hali oila qurmagan bo‘lsa, ushbu niyatiga ko‘mak beradigan juft topishga harakat qilishi matlubdir. Oilaning luqmasiga e'tibor berish ham muhim. Solih, qori bo‘ladigan farzand tilab duoda bo‘lish kerak. Farzand homila chog‘ida onasi ko‘proq Qur'on o‘qishi va eshitishi ham yaxshi natija beradi.
Bolaga ko‘proq Qur'on eshittirish, yosh qorilarning tilovatlarini ko‘rsatish, qorilarning hayotlaridan so‘zlab berish murg‘ak qalbda Qur'on muhabbatini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Qur'onni bolaga, Ibn Sino rahmatullohi alayh ta'kidlaganidek, tili ravon bo‘lishi bilan o‘qitishni boshlash kerak. Avvaliga kichik suralarni oyatma-oyat yodaki o‘qitiladi. Yangi oyatni oldingilari bilan qo‘shib boriladi. Har bir sura tugaganda sura jamlashga bir-ikki kun ajratiladi. Oyatlarni yodlatishda va suralarni jamlashda telefon yo boshqa jihozlarda yodlanayotgan oyat yo surani qayta-qayta eshittirish ishning oson ko‘chishini ta'minlaydi. Yodlangan suralarni har kuni yoki orakunda takrorlab turishni ham unutmaslik kerak.
Farzandlarni o‘qish uchun urib-so‘kish, qiynoqqa solish yaramaydi. Zero, bolalarimizning qori bo‘lishi shart emas, ammo Qur'onga muhabbatli bo‘lishi farzdir. Ayrim ota-onalar farzandidan hofizi Qur'on bo‘lishni qattiq talab qilaman deb uni bezdirib qo‘yishadi, bu yaxshi emas albatta.
Bolalarning Qur'onga muhabbatini oshirishda ularni vaqti-vaqti bilan sovg‘alar bilan siylab turishning ham ahamiyati katta. Har bir sura uchun ozginagina qant-qurs, o‘yinchoq olib berilsa, kattaroq marralar uchun yaxshiroq sovg‘alar, sayllar tashkil qilib borilsa, bola o‘qish charchog‘ini ham unutib yuboradi.
— Qur'oni karim hofizlari xatm davomida eng avvalo qaysi jihatga ahamiyat berishlari kerak?
— Avvalo niyatga katta e'tibor berish lozim. Xatmga o‘tmoqchi bo‘lgan qori avvalo sof, to‘g‘ri, xolis niyat qilib olishi lozim. Bu nafaqat qori uchun zarur, balki xatmning fayzli bo‘lishida, odamlar ibodatdan chinakam bahra topishida, maqsadlar hosil bo‘lishida katta ahamiyat kasb etadi.
— Ustozlar ko‘rsatmalari va o‘z shaxsiy tajribangizga ko‘ra, Ramazondagi xatmlardan qiroat tezligi qay darajada bo‘lmog‘i matlub?
— Umuman olganda, qiroatni qaysi martabada o‘qigan afzal, degan savolga ko‘pchilik ulamolar o‘rta martabada o‘qish afzalligini ta'kidlashgan. Ba'zi olimlarimizning aytishlaricha, bu xuddi miqdori oz, ammo qiymati yuqori pul bilan qiymati past u, sanog‘i ko‘p pulni sarflaganga o‘xshaydi. Birida tafakkur va tadabbur hisobiga ko‘proq ajrga ega bo‘linsa, ikkinchisida ko‘proq kalima nutq qilingani evaziga ajri ortadi.
Har bir Qur'on o‘qiguvchi qori o‘z qarshisida Alloh taoloning tinglab, kuzatib turganini unutmasligi kerak. Odamlarning mulohazasini qilib, Alloh taoloning muroqabasini bir chetga surib qo‘yish juda ham yomon holat. Faraz qilaylik, agar biror obro‘li yoki mansabdor shaxsning so‘zini yo biror she'rini uning oldida odamlarga o‘qib beradigan bo‘lsangiz, qanchalar e'tiborli bo‘lasiz. Harqalay sharillatib o‘qib bermasangiz kerak?! Nahot, har bir narsani, hatto chumolining harakatini ham kuzatib turgan Zotning kalomini, ilohiy kalomni o‘qiyotganda o‘shanchalik ehtimom berilmasa!
— Ba'zida uchrab turadigan nomaqbul holatlardan atay yig‘lamsirab o‘qish, odamlarni yig‘latishga urinish, kishilarni ta'sirlantirish ilinjida noo‘rin ovoz ko‘tarish kabi holatlarga munosabat qanday?
— Bu kabi holatlar ixlos va samimiyatning noqisligidan bo‘lib, qiroat imomlari qadimdan bunday xatolardan ogohlantirib kelganlar. Aslini olganda bu ildizi juda ham chuqur bo‘lgan xatarli illat bo‘lib, kichik shirk bo‘lmish riyo va sum'aning achchiq mevasi hisoblanadi. Qur'on o‘quvchi qori bundan hazir bo‘lishi vojibdir. Aks holda hadislarda aytilgan yomon oqibatga qolishi xavfi bor.
Qur'on o‘qish chog‘ida qalb junbushga kelib, vujud ta'sirlanib, ko‘zlar namlansa, bu ayni muddao. Shunda ham bu holni yashirishga urinish kerak. Ammo bunday holni «taklif qilib chaqirish», ichki turtki bo‘lmay, zohirda xushu' izhor etish riyoning alomatlaridan sanaladi. «Qur'on o‘qiganda yig‘langlar, agar yig‘lay olmasanglar, yig‘lashinglar», degan mazmundagi ko‘rsatma esa shaxsiy holatga tegishli bo‘lib, boshqa ma'noda: qalb qattiqligiga yig‘lash, ichdan yig‘lashga intilish xususidadir.
— Tarovehdagi Xatmi Qur'onda qorilar ma'lum azob va xushxabar oyatlarini o‘qiyotib yig‘laganlariga va jamoatni ham (ba'zilari oyatning mazmunini tushunmasa-da) yig‘latganlariga guvoh bo‘lganmiz. Xuddi o‘sha oyatni boshqa safar, o‘sha masjidda o‘qilganida esa bunday holat bo‘lmasligi ham mumkin. Bu holat nima bilan bog‘liq? Butun jamoat yig‘lagan xatmlarni eslay olasizmi?
— Insonning jismoniy quvvati hamisha bir xil bo‘lmagani kabi ruhiy holati ham o‘zgarib turadi. Hadisda aytilganidek, bir undoq, bir mundoq bo‘lib turadi.
Bu o‘zgaruvchanlik qoriga ham, tinglovchiga tegishli. Mana shu holat siz aytgan turlilikka sabab bo‘lsa kerak. Ba'zan jamoatning ixlos-muhabbati qoriga shunday ilhom baxsh etadiki, u hatto o‘zining odatiy imkoniyatlari chegarasidan ham yuksalib ketadi. Gohida qorida shunday hol paydo bo‘ladiki, butun jamoatni o‘z olamiga olib kirib ketadi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ba'zan xatmni tashkil qilgan kishilarning niyatlari va muhabbatlari ham xatmdagi ruhiyatga ta'sir qiladi. Bunda nima sir bor bilmayman-u, lekin bu ko‘p kuzatilgan voqelikdir. Shuni ta'kidlash o‘rinliki, mazkur gaplarning hammasi ham bandaning ojizona xulosalari, aslida esa hammasi ham Alloh taoloning berishiga bog‘liqdir.
Alloh taolo xalqimizning Qur'oni Karimga bo‘lgan muhabbatini, ishtiyoqini bundan ham ko‘paytirsin! Yurtimizda yetkazilayotgan xatmi Qur'onlarni dargohida qabul aylab, barcha-barchamizga fayzu barkaning ziyoda bo‘lishiga, moddiy-ma'naviy yutuqlarga bois bo‘lishiga sababchi aylasin! Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq rahmatullohi alayh duolari: qorilarimizning sonini va sifatini yanada ziyoda qilsin!
Davronbek Tojialiyev tayyorladi.