...Lilldagi «Per Morua» stadioni oldida bir guruh irlandiyalik muxlislar kabob yeb, pivo ichib o‘tirishibdi. Ulardan biri har daqiqada kimdir bilan selfi tushib kelmoqda. Yo‘q, u hech qanday yulduz yoki futbolchi emas. Shunchaki, muxlis...
Toni Brin. Irlandiya terma jamoasining 72 yoshli muxlisi.
«1949 yil olti yoshimda otam «Gudisson Park»ga olib bordi. Biz Liverpulda yashardik. To‘g‘risi, o‘shanda futbolga qiziqmaganman. Bu otamga yoqmas edi. Lekin bir kuni otam meni yana bir o‘yinga olib bordi. Angliya va Irlandiya o‘yiniga. O‘sha kundan futbol hayotimning ajralmas qismiga aylangan. Irlandiya 2:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Angliyani o‘z uyida yenggan birinchi jamoa Irlandiya bo‘lgan.
O‘shandan buyon Irlandiya terma jamoasi bilan 48 mamlakatda bo‘ldim. Uchta jahon chempionati, ikkita Yevropa chempionati. Agar bu musobaqada guruhdan chiqolmasak, xafa bo‘lmayman. Chunki hozir tarkibimizdagi yigitlar eng zo‘r avlod deyolmayman, lekin ular maydonda jonlarini berishmoqda»,- degandi Toni bundan oldinroq bergan intervyusida.
Irlandiyaliklar futbolga oilaviy borishni yaxshi ko‘rishadi. Mana bu muxlislarni qarang. Ikki aka-singil futbol o‘ynamoqda. Bolakay jamoasi Italiyani yengishiga ishonmoqda: «Men singlimni qanchalik oson yutsam, Irlandiya ham Italiyani shunday oson yutadi».
Eslatib o‘tamiz, kecha Italiyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan Irlandiya Yevropa chempionatining 1/8 finaliga yo‘l oldi.
Manba: Tribuna.uz