Janubiy Koreya yangi avlod KF-X reaktiv qiruvchi samolyotini ishlab chiqarish loyihasi doirasida aerodinamik sinovlarga start berdi, deb xabar qilmoqda Ryonxap agentligi.
Xabarlarga ko‘ra, Koreya aerokosmik sanoati (KAI) va Koreya aerokosmik tadqiqotlar instituti (KARI) hamkorlikda samolyot fyuzelyaji modelining aerodinamik quvurdagi sinovining ilk bosqichini boshlagani haqida e'lon qilgan. Loyiha qiymati 15,3 milliard dollarni tashkil etadi.
Janubiy Koreya 2020 yillar o‘rtalaridan boshlab, 120 dona qiruvchi samolyotni mamlakat armiyasiga yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Yangi qiruvchilar F-4 va F-5 kabi eskirgan modellarni almashtirishi kerak. Samolyot modeli aerodinamik quvurda 13 ming soatlik sinovlardan so‘ng, 2 yil mobaynida barpo etiladi.
Shu yilning may oyida Janubiy Koreya mamlakatning birinchi qiruvchi samolyoti KF-X dvigatellarini ishlab chiqarish uchun Amerikaning General Electric kompaniyasini tanlagan edi. Uning uchun radar ishlab chiqarish masalasi mahalliy Hanwha Thales kompaniyasi bilan muhokama etilmoqda.