Toshkent sammitiga keladigan Pokiston delegatsiyasiga mamlakat prezidenti boshchilik qiladi

Jahon 15:18 / 22.06.2016 7216

Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitida Pokiston prezidenti Mamnun Husayn boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyuradi. Bu haqda Pokiston TIV sayti xabar tarqatdi.

"Prezident Mamnun Husayn Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 23-24 iyun kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan sammitida ishtirok etuvchi delegatsiyaga boshchilik qiladi", deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, prezident tashrifi dasturidan sammit doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish o‘rin olgan.

Pokiston TIV xabariga ko‘ra, sammit vaqtida Pokiston Tashqi ishlar vaziri Sartoj Aziz Afg‘oniston TIV rahbari Salohiddin Rabboniy bilan uchrashib, muzokara o‘tkazadi. Bu uchrashuvda o‘tgan haftada ikki mamlakat chegarasida joylashgan Torham punktida ro‘y bergan otishmalar muhokama etilishi kutilmoqda.

2015 yilda Hindiston bilan birga Pokistonni ShHT tarkibiga qabul qilish bo‘yicha jarayon boshlangandi. Toshkentdagi sammitda bu ikki davlatning tashkilotga rasman qabul qilinishi kutilmoqda.

Bundan oldinroq, Toshkent sammitiga keladigan Hindiston delegatsiyasiga ushbu mamlakat bosh vaziri Narendra Modi rahbarlik qilishi ma'lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: