Hindiston, Pokiston va Eronning ShHTga a'zo bo‘lish masalalari, tashkilotning 23-24 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tajak yubiley sammitida muhokama etiladi. Anjuman ishida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham ishtirok etadi, deb ma'lum qilgan Rossiya yetakchisi yordamchisi Yuriy Ushakov.
Uning aytishicha, Hindiston va Pokistonni ShHTning teng huquqli a'zosi sifatida qabul qilish jarayoni davom etmoqda va u yakuniy bosqichga kirgan. "Ular, tashkilotning 2017 yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tajak sammitida to‘liq qabul qilinishi kutilmoqda", - degan Ushakov.
Eronning ShHTga a'zo bo‘lishiga to‘xtalgan Ushakov, rasmiy Kreml bu murojaatni rad etish uchun hech qanday asos ko‘rmayotganini ta'kidlagan.
"Eronning ShHTga a'zolik borasida bergan arizasini davlat rahbarlari yopiq eshik ortida muhokama qilishsa kerak", - deya aniqlik kiritgan Rossiya prezidenti yordamchisi.