Rayhon Ulasenovaning anchadan beri efirga uzatilib kelinayotgan “Oydin hayot” tok-shousida ko‘rinmay qolgani ko‘plab muxlislarda savol tug‘dirdi. Ma'lum bo‘lishicha, uchinchi bor ona bo‘lish arafasida turgan aktrisa va teleboshlovchi ayni damda tug‘uruq ta'tilida. E'tibor bergan bo‘lsangiz, ko‘rsatuvning o‘tgan galgi sonida Rixsitilla Abdullayev bilan birgalikda jurnalist Nilufar Umrzoqova boshlovchilik qilgandi. Tok-shouning bu galgi sonida esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shodiya To‘xtayeva boshlovchi qiyofasida namoyon bo‘ladi. Bu haqda aktyor va teleboshlovchi Rixsitilla Abdullayev ham o‘z Instagram’dagi sahifasi orqali ma'lum qilgan:
“Rayhon Ulasenova yaqinda ona bo‘lish arafasida. Ijodkorlar esa vaqtincha Rayhonning o‘rniga boshlovchilar va aktrisalarni taklif etishyapti. Bugun esa ko‘rsatuv mehmoni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shodiya To‘xtayeva – Abduqodirova”.
Ayrim ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida boshlovchilik sohasiga qiziqishi haqida ta'kidlagan va oxirgi paytlarda san'atning ko‘plab turlarida o‘zini sinab ko‘rishga kirishgan Shodiya To‘xtayevaning orzusi nihoyat amalga oshadigan bo‘libdi.