Kechqurun tanish yigit I.Oslanovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. Nasha topib berishini so‘rab, narxini ham kelishib oldi. I.Oslanov jiyanining avtomashinasida Qo‘qon shahridagi kafelardan birining yoniga keldi. Tanishidan pulni olgach, bir chetda o‘tib, D.Bo‘taboyevga qo‘ng‘iroq qildi. “Chars” (gashish) kerak, dedi. So‘ngra uning Naymancha qishlog‘idagi uyiga borib, nasha sotib oldi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
“Bahor” to‘yxonasi yonida jiyanining mashinasidan tushib, tanishi U.Atabayevning avtomashinasiga o‘tirdi. Unga yo‘lkira o‘rniga nasha berdi. U Atabayevning mashinasida Qo‘qon shahriga kelishilgan kafe yoniga qaytib kelib, xaridorga nashani berayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlandi. U.Atabayevning avtomashinasidan esa bir o‘ram nasha olindi.
I.Oslanov nashani D.Bo‘taboyevdan sotib olganini aytib, ixtiyoriy ravishda nazorat-xarid tadbirida ishtirok etdi. Kelasi kuni yana telefonda bog‘lanib, Naymancha qishlog‘iga bordi. D.Bo‘taboyev unga yana 1,45 gramm nasha sotganida ushlandi. Uning xonadonida ko‘zdan kechirilganda, sigaret qutisida nasha, yerto‘lasidan ko‘knori poyasi topildi. Bundan tashqari, tomorqasiga ekkan 2 tup nasha o‘simligidan namuna olinib, ko‘chatlar yo‘q qilindi.
Fuqarolarning arizalari asosida o‘tkazilgan nazorat-xarid tadbirlari davomida o‘zi nasha chekkanidan tashqari olib sotish bilan shug‘ullangan S.Abdullayev, nashavand nashafurushlarni og‘u bilan ta'minlanib turgan F.To‘xtasinovalar qo‘lga olindi.
Es-hushi joyida, qilmishining oqibatini yaxshi bilgan Flora To‘xtasinova, Ilhamjon Aslanov, Said Abdullayev, Umid Atabayev va Davlatjon Bo‘taboyevlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi O‘zbekiston tuman sudida ko‘rildi.
F.To‘xtasinova biron joyda yolchitib ishlamagan. Jon koyitmay, mo‘may daromad orttirish ilinjida giyohvandlik vositalarini olib sotish bilan shug‘ullanib kelgan. U o‘tgan yil aprel oyida Qo‘qon shahrining Ahillik ko‘chasida, G.Nishonboyevdan (vafot etgan, jinoyat ishining unga nisbatan qismi tugatilgan) 70 gramm nasha sotib olgan edi. Ushbu ko‘p miqdordagi og‘uni ustama narx qo‘yib sota boshlagan. Iyun oyida tanishi, Dang‘ara tumanida yashovchi nashavand D.Bo‘taboyevga 10 grammini pullagan.
Bundan tashqari, F.To‘xtasinova nashavand tanishi S.Abdullayevni ham og‘u bilan ta'minlab turgan. Shuningdek, u orqali boshqa birovlarga pullagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat xarid tadbirida xaridorga 4,77 gramm nashani sotayotganida ushlangan.
Sud D.Bo‘taboyevga sakkiz yarim yil, I.Osmanov va S.Abdullayevga yetti yarim yildan, F.To‘xtasinovaga esa 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Avtomashina haydovchisi nashavand U.Atabayev ham tegishli jazosini oldi.