Namanganda badiiy gimnastika bo‘yicha “Olimpiya umidlari” respublika ochiq turniri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan musobaqada viloyatlar va Toshkent shahridan 160 ga yaqin yosh sportchi o‘zaro bahslashdi.
Yosh sportchilar bulava, arg‘amchi, halqa, to‘p, tasma kabi buyumlarda bajariladigan nozik mashqlarni musiqa sadolari uyg‘unligida namoyish qildi.
Turnirning sport ustaligiga nomzod qizlar o‘rtasidagi guruh bahslarida Buxoro viloyatining “Nafis” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand va Namangan viloyati terma jamoalari tegishlicha ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Eng kichik ishtirokchilar o‘rtasidagi jamoaviy mashqlarda Toshkent shahri vakillari g‘oliblik shohsupasining yuqori pog‘onasini band etdi. Qashqadaryolik kichkintoylar ikkinchi, namanganlik sportchilar uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
2003-2007 yillarda tug‘ilgan sportchilarning shaxsiy bellashuvlarida Toshkent viloyatidan Kristina Pak, Natali Muratova, Qashqadaryo viloyatidan Sevinch Bozorova, Sirdaryo viloyatidan Jasmina Yorbekova, Andijon viloyatidan Oygul Mashrabboyeva o‘z yosh toifasida g‘olib bo‘ldi.
Umumjamoa hisobida Buxoro viloyati qizlari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Toshkent shahri badiiy gimnastikachilari ikkinchi va Namangan viloyati terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.