Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutkoning fikricha, Yengil atletika federatsiyalari Xalqaro assotsiatsiyasi (IAAF) sportning ushbu turini rivojlantirish o‘rniga uni barbod qilish uchun barcha choralarni ko‘rgan.
«Men IAAFga ochiq xat yo‘lladim. Agar bu tashkilot yengil atletika rivoji ustida ishlashi lozim bo‘lsa, amalda u bu sport turini yo‘q qilish uchun imkon darajasida ish olib bordi. Endilikda, davlat milliy jamoani moliyalashtirolmaydi. Bu esa hammasi barbod bo‘lishini anglatadi. Biz yopilayotgan mashg‘ulotlar markazlarini mablag‘ bilan ta'minlay olmaymiz. Yosh sportchilar esa, har qanday intilishni yo‘qotishdi», — deya Mutko so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining sammitida, IAAFning Butunrossiya yengil atletika federatsiyasini Rio Olimpiadasidan chetlashtirish to‘g‘risidagi qarori muhokama etildi.
XOQ sammiti ham tashkilot ijroiya qo‘mitasi ortidan IAAF qarorini ma'qulladi. Bu esa rossiyalik yengil atletikachilar 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmasligini anglatadi.