Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi “biznes boshqaruvi”(MVA) mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlashni amalga oshiradi

O‘zbekiston 23:50 / 22.06.2016 11091

Ma'lumki, “biznes boshqaruvi” (Master of Business Administration (MVA)) dasturi barcha soha va yo‘nalishlar uchun rahbar kadrlar tayyorlash bo‘yicha jahonda universal ta'lim dasturi deb tan olingan. Hozirgi kunda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi O‘zbekiston Respublikasida MVA magistrlik dasturi bo‘yicha jahon andozalariga mos ravishda ta'lim beruvchi yagona davlat muassasasi bo‘lib hisoblanadi.  

Markazning MBA mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv dasturlari xorijiy mamlakatlarning ilg‘or biznes maktablari o‘quv dasturlari asosida ishlab chiqilgan. Mashg‘ulotlar mamlakatimiz va xorijning nufuzli oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, davlat organlari va muassasalarning rahbar va mutaxassislari, yirik kompaniya va tashkilotlar vakillari tomonidan olib boriladi. Mashg‘ulotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘kaziladi.  Bundan tashqari, Markazda ikkinchi xorijiy til sifatida xitoy, koreys va yapon tillari JICA, KOICA va Konfutsiy nomidagi xitoy tili va madaniyati institutining mutaxassislarini taklif etgan holda tashkillashtiriladi. Magistraturani muvaffaqiyatli tamomlaganlarga biznes boshqaruvi magistri darajasi va davlat namunasidagi diplom beriladi.

Markaz o‘z faoliyati davomida Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Markaziy bank bilan doimiy asosda o‘zaro hamkorlik qiladi. Nazariy tayyorgarlikning boshqaruv faoliyati amaliyoti bilan mustahkam aloqasini, tinglovchilarning xo‘jalik boshqaruvi organlarida, aksiyadorlik jamiyatlarida va boshqa tadbirkorlik sub'yektlarida, mashhur xorijiy kompaniyalarda va xorijiy ta'lim muassasalarida stajirovkalar (olti oygacha) tashkil etilishini ta'minlaydi hamda Markazning xodimlari, respublikaning va xorijiy mamlakatlarning olimlari va mutaxassislari ishtirokida muammoli-maqsadli munozaralar, davra suhbatlari, konferensiyalar, simpoziumlar tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: