Hindistonning fazoviy tadqiqot tashkiloti (ISRO) bir vaqtning o‘zida rekord darajada – 20 ta sun'iy yo‘ldoshni Yerga yaqin orbitaga olib chiqdi. Bu haqda ISRO boshlig‘i Kiran Kumar xabar bermoqda.
“Biz o‘z salohiyatimizni namoyish etgan holda orbitaga rekord darajada ko‘p sun'iy yo‘ldosh olib chiqdik. Bu 2008 yilgi natijalarimizni yangiladi. O‘shanda orbitaga 10 ta kichik sun'iy yo‘ldosh olib chiqilgan edi”, - dedi u.
ISRO ma'lumotlariga ko‘ra, PSLV raketa tashuvchisi mahalliy vaqt bilan 09:25 ( Toshkent vaqti bilan 08:55) da, Andxra-Pradesh shtatining Shrixarikota orolida, 1288 kg.li yuk bilan ishga tushgan. U 26 daqiqa ichida orbitaga Hindistonning 3 ta, AQSh, Indoneziya, Kanada va Germaniyaning jami 17 ta sun'iy yo‘ldoshini olib chiqqan.
Eng yirik yukni Hindistonning Cartosat-2 seriasiga taalluqli va og‘irligi 725,5 kg bo‘lgan sun'iy yo‘ldosh tashkil etdi. Orbitaga, shuningdek, Chinnai universitetiga taalluqli va og‘irligi 1,5 kg bo‘lgan Sathyabamasat sun'iy yo‘ldoshi ham olib chiqildi. U is gazlari haqida ma'lumot yig‘ishga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, Swayam sun'iy yo‘ldoshi olib chiqilgan bo‘lib, uning og‘irligi 1 kg.ni tashkil etadi.