Belarus respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko 23-24 iyun kunlari xizmat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi.
Aleksandr Lukashenko Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari Kengashining yig‘ilishida ishtirok etadi. Tashrif davomida u xorijiy mamlakat rahbarlari bilan ikki taraflama uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Belarus prezidenti matbuot xizmati xabar qiladi.
"Belarus respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko 23-24 iyunda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo mamlakatlar rahbarlari Kengashida ishtirok etish uchun O‘zbekiston respublikasiga ishchi safar uyushtiradi", — deyilgan xabar matnida.
Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Belarus ilk marotaba yuqori saviyada kuzatuvchi bo‘lgan yangi maqomda qatnashadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston ShHT a'zolari hisoblanishadi. Toshkent sammiti vaqtida Hindiston va Pokiston tashkilot safiga qabul qilinishi kutilmoqda.
Ayni paytda Belarus, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Eron, Pokiston va Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega.