Aston Martin Vanquish kupesining motorlari safini 2016 yil martida namoyish qilingan DB11 superkarining 5,2-litrli, juft turbokuchaytirgichga ega V12 dvigateli ham to‘ldiradigan bo‘ldi.
Bu kuch qurilmasi, yangi model uchun maxsus ravishda qayta ishlanib, uning quvvati 600dan 700 ot kuchiga yetkaziladi, deb xabar qilmoqda Auto Express.
Yangi Vanquishning o‘z motori qancha ot kuchiga egaligi hozircha ma'lum emas. Aston Martin bosh muhandisining so‘zlariga ko‘ra, testlar dvigatelni 830 ot kuchiga ega qilish mumkinligini ko‘rsatgan. U, shuningdek, kelajakda motorlar turkumini qayta ishlangan V8 va V12 qurilmalari ham to‘ldirishi ehtimoli haqida so‘z yuritgan edi.
Aston Martin Vanquishning yangi avlodi 2016 yil kuzida avtomobil ishqibozlari e'tiboriga havola etiladi. Hozirgi ko‘rinishdagi kupe 2012 yildan beri ishlab chiqariladi.
Umuman, kelasi yetti yil mobaynida Aston Martin 7ta yangi modelini mijozlariga taklif qilmoqchi. Kompaniya aksionerlari shu maqsadda 500 million funt sterling (700 million AQSh dollaridan ko‘proq) sarmoya kiritishmoqda.
Bundan tashqari, kompaniya Vantage va Vanquish hamda to‘liq elektrlashgan DBX krossoveri uchun alohida 200 mln funt (283 mln dollar)ga ega bo‘ladi.