Ispaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi David Vilya milliy terma jamoa o‘yiniga maqtov yog‘dirdi.
Vilyaning hisoblashicha, Visente del Boske shogirdlari o‘z o‘yinlari bilan Yevropa chempionatida barchadan ajralib turibdi.
«Jamoa o‘tgan ikki o‘yinda ham ajoyib futbol namoyish qildi. Ayniqsa, turklarga qarshi o‘yin a'lo darajada o‘tdi. Ispaniya terma jamoasini raqib ustidan hokimlik qilishini ko‘rish maroqli.
Turnirda hali hech bir jamoa Ispaniya kabi o‘ynay olgani yo‘q. Aytish mumkinki, ispanlar termasi mutlaq kuchli. Jamoaning hujum chizig‘i ham, himoyasi ham turnirdagi eng zo‘ri. Yangi futbolchilar jamoaning o‘yin falsafasiga osonlik bilan moslashib ketgan va bu jamoaga muvaffaqiyat keltirmoqda», — deya Vilyaning so‘zlarini keltiradi Marca.
Ispaniya terma jamoasi 1-turda Chexiyani 1:0, 2-turda Turkiyani 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Ayni vaqtda D guruhida Ispaniya 6 ochko bilan birinchi, Xorvatiya 4 ochko bilan ikkinchi bo‘lib turibdi.
Bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:59da parallel ravishda Xorvatiya-Ispaniya hamda Chexiya-Turkiya uchrashuvlari boshlanadi.
Manba: Tribuna.uz