O‘zbekistondagi Oliy ta'lim muassasalari yangi 2016/2017 yilgi o‘quv mavsumi uchun 57 ming 907 nafar talaba qabul qilishni rejalashtirgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta'lim vazirligi saytida ma'lum qilingan.
"Oliy ta'lim tizimida 2016/2017 o‘quv yilida kadrlar tayyorlash ko‘rsatkichlari" mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida keltirilishcha, yangi o‘quv yilida davlat granti asosida 19 ming 120 kishi, to‘lov-kontrakt asosida esa 38 787 kishi o‘qishga qabul qilinadi.
Yangi o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilinadigan magistr talabalar soni 5000 nafarni tashkil qiladi. Shundan 1548 talaba davlat granti asosida, 3452 talaba esa to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Qo‘ng‘irot bo‘limi)ning maxsus sirtqi bo‘limida bakalavrlarni tayyorlash davlat grantlari bo‘yicha 65 nafar va Toshkent axborot texnologiyalar universitetining maxsus sirtqi bo‘limida – 50 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 35 nafar qabul qilish umumiy kvotalari belgilangan.
Iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarning oliy ma'lumotli mutaxassislar bilan ta'minlash maqsadida 2016/2017 o‘quv yilida yangi 18ta bakalavriat yo‘nalishlari, 14ta magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari shakllantirildi.
Yangi kiritilayotgan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini shu yilning 1 avgustiga qadar ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlash vazifasi belgilangan.