Turkiya sudi erini o‘ldirgan yosh ayolni qamoq jazosidan ozod qildi. Bu haqda turk ommaviy axborot vositalari 21 iyun kuni ma'lum qildi.
Adananing janubiy mintaqasida yashovchi 24 yoshli Silem Karabulut 2015 yilning iyun oyi boshlarida 33 yoshli eri Hasan Karabulutni uyidagi miltiq orqali otib o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan.
U 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Faollar Karabulutga o‘z eri tomonidan muntazam ravishda bosim o‘tkazilgani va Turkiyadagi ba'zi ayollar kabi fohishalik qilishga majbur qilganini aytib, uni ozodlikka chiqarishga chorlashdi.
Apellyatsiya sudi uning ozodligi uchun himoya tomonidan berilgan petitsiyaga rozi bo‘lib, unga 50 000 lira (17 250 dollar) miqdorda garov puli belgiladi hamda uning sud nazorati ostida bo‘lishini bildirdi.
"Biz kurashda davom etamiz. Biz barcha ayollarimiz uchun kurashamiz", - dedi 2,5 yoshli qizchaning onasi bo‘lgan Karabulut ozodlikka chiqib.
Mazkur voqea Turkiya ommaviy axborot vositalarining katta e'tiboriga sazovor bo‘ldi, bu xususan ayolning o‘zini tutishi bilan ham bog‘liq. U ingliz tilida "Aziz o‘tmish, barcha saboqlar uchun rahmat. Aziz kelajak, men tayyorman" deb yozilgan ko‘ylak kiyishni targ‘ib qildi.
Hodisa Turkiyadagi ayollarga nisbatan tajovuzkorona munosabatga qarshi chiquvchi, har yili o‘z erlari tomonidan o‘ldirilgan ayollar huquqini himoya qiluvchi ko‘plab feminist ayollar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatishga yo‘naltirilgan Nodavlat platformaning ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiyada 2015 yilda jami 291 nafar ayol, joriy yilda esa 113 nafar ayol o‘ldirilgan.