Osmon bo‘ylab parvoz qilayotgan samolyotlarga qiziqish bilan boqar ekanmiz, uning parvozi ortidan bulutga o‘xshash oppoq izlar qolishiga ko‘zimiz ham o‘rganib qolgan. Lekin buning sababini hammamiz ham bilavermaymiz. Shunday emasmi? Ayniqsa, yosh bolalar kattalarga ushbu savol bilan ko‘p bora murojaat qilishlari tabiiy hol. Javobi esa oddiy!
Gap shundaki, yuqori balandlikda havo juda quruq hamda sovuq bo‘lib, samolyot quvuri parvoz davomida o‘zidan ko‘p miqdordagi nam va issiq havoni ishlab chiqaradi. Quvurdan chiqqan bug‘ mavjud havoda darhol sovib, namliklar biz osmonda ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan muz kristallariga aylanadi. Shunday qilib bu kristall muzlar samolyotdan qolgan quruq va nam havoning hosilasidir.
Yerdagi sovuq ob-havo sharoitida hatto inson ham og‘zidan bug‘ chiqaradi. Ammo samolyot chiqargan bug‘ falakda oppoq parqu bulutlarni hosil qiladi.