Robot robototexnikaning birinchi qonunini buzdi

Fan-texnika 00:12 / 21.06.2016 10908

Muhandis ataylab odamga ziyon yetkazishi va shu tariqa fantast yozuvchi Ayzek Azimov robototexnikasining birinchi qonunini buzishi mumkin bo‘lgan robotni yaratdi. Bu haqda Fast Company ma'lum qildi.

Berklidagi Kaliforniya universiteti olimi Aleksandr Reben barmoq uchun maxsus joyga ega platforma va igna bilan jihozlangan robot yaratdi. Odam barmoqni qo‘yganda robot unga hujum qilish yoki qilmaslikni mustaqil hal qiladi. Shu tariqa robot Ayzek Azimov tomonidan ifodalangan, robototexnikaning uchta qonunidan birinchisini buzadi: "Robot insonga ziyon yetkaza olmaydi yoki o‘zining harakatsizligi bilan insonga ziyon yetishiga yo‘l qo‘ya olmaydi".

Muallifning aytishicha, uning maqsadi insonga doimo hujum qiluvchi robotni yasash bo‘lmagan. Rebenning ta'kidlashicha, har bir muayyan holatda robot o‘zini qanday tutishni o‘zi hal qiladi va u robot o‘zini qanday tutishini oldindan ayta olmaydi. Robot yaratuvchisining fikricha, bunday robotning mavjudligi zamonaviy robototexnikaning hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolari borligini ko‘rsatadi.

Robotlar o‘zini tutishi bo‘yicha majburiy qoidalar yozuvchi tomonidan 1942 yildagi "Xorovod" hikoyasida ifodalangan.

Ko‘proq yangiliklar: