AQSh prezidentligi uchun respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampning saylovoldi tashviqotiga siyosiy maslahatchi Pol Manafort rahbarlik qilishi mumkin. U bir paytlar Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning maslahatchisi lavozimida ham ishlagan, deb xabar qilmoqda Reyter agentligi.
Aytish joizki, Manafort aprel oyidan beri Tramp jamoasi tarkibida ishlamoqda. U, jamoaning avvalgi rahbari Kori Levandovskiga yetishmayotgan saylovoldi tajribasi bilan o‘rtoqlashish maqsadida yollangan edi.
Polittexnolog Pol Manafort Filippin prezidenti Ferdinand Markos, Ukraina sobiq rahbari Viktor Yanukovich va Bagama orollari sobiq bosh vaziri Linden Pindling kabi siyosatchilarning saylovoldi kampaniyalarida faoliyat yuritgan.
Tramp tashviqot jamoasining avvalgi rahbari Kori Levandovski jurnalist ayol bilan mojaroga aralashib qolgach, vazifasidan ketishga majbur bo‘lgandi.
Ammo, kuzatuvchilar boshqacha fikrda. Ularning qayd etishlaricha, Levandovskining iste'fosi, Tramp jamoasi jiddiy, jumladan moliyaviy muammolarga duch kelganini anglatadi.