Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati aholisi orasida kuydirgi kasalligi gumon qilinayotgan bemorlar soni 8 nafarga yetdi. Ulardan ikki nafari hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Qozog‘iston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligining matbuot xizmati ma'lum qildi.
"Hozirga qadar Qarag‘anda viloyatida kuydirgi kasalligida gumon qilingan 8ta holat qayd etilgan, ikkitasi o‘lim bilan tugagan. 6 nafar bemor viloyatning infeksion shifoxonasida davolanmoqda va ularga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda", - deyiladi vazirlik xabarida.
Xabarda aytilishicha, 7 iyun kuni Yerkindik qishlog‘idagi 5 nafar kishi (bir oilaning a'zolari) veterinar ko‘rigidan o‘tkazmasdan kasal sigirni majburiy so‘yishgan. O‘sha kunning o‘zidayoq uning go‘shti qishloqda yashovchi 11 kishiga sotilgan. 11-14 iyun kunlari oralig‘ida zararlangan go‘shtni iste'mol qilgan 8 kishi kasallandi, ulardan yetti nafari - Yerkindik aholisi, yana biri esa - Qarag‘andada istiqomat qiladi (qishloqqa qarindoshlarnikiga mehmonga kelgan bo‘lgan).
Barcha bemorlar 18-19 iyun kunlarida tibbiy yordam so‘rab murojaat qilishgan va 20 iyun kuni viloyat infeksion kasalxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning barchasiga taxminiy "kuydirgi" tashxisi qo‘yilgan. Hozirda ulardan olingan analizlar Milliy ekspertiza markazining o‘ta xavfli infeksiyalar labaratoriyasiga tahlil uchun jo‘natilgan. 20 iyun kuni 1982 yilda tug‘ilgan bemor ayol vafot etdi, 21 iyun kuni ertalab yana bir 1966 yilda tavallud topgan bemor hayotdan ko‘z yumdi.