Google o‘zini tashxis qo‘yuvchi shifokor rolida sinab ko‘radi

Fan-texnika 19:22 / 21.06.2016 4500

Sog‘lig‘ini tiklash maqsadida shifokor ko‘rigidan o‘tmay, qidiruv tizimiga bepul tibbiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchi foydalanuvchilar natijalarning ko‘pligi tufayli ko‘pincha o‘zlarida mavjud bo‘lmagan kasallarni topib, o‘zbilarmonlik bilan davolanishadi va buning oqibatida aziyat chekishadi. Masalan, kasallik belgilarini oladigan bo‘lsak, ularni qidiruv satriga yozgan foydalanuvchilar allergik reaksiyalarini oziq-ovqatdan zaharlanish belgilari bilan adashtirishlari mumkin va aksincha. 

Google o‘z-o‘ziga tashxis qo‘yuvchi kishilarning hayotini yengillashtiradi. Yaqin kunlar ichida kompaniya kasallikni aniqlash imkonini beruvchi yangi funksiyani kiritadi. Masalan, "bosh og‘rig‘i" so‘roviga u lohaslikning turli belgilari va uning taxminiy sabablari (migren, sinusit, shamollash) batafsil yozilgan "kartochkalar" ro‘yxatini beradi, mustaqil davolanish variantlarini taqdim qiladi, shuningdek shifokorga ko‘rinishni tavsiya etadi. 

Yangi funksiya ishonchli manbalardan ma'lumotlar olib, uni shifokorlar tomonidan berilgan ma'lumotlar bilan taqqoslaydigan Knowledge Graph ("Bilimlar tarmog‘i") servisiga asoslangan. Shuningdek Google'ga Harvard tibbiyot maktabi va eng yirik xususiy tibbiy markazlardan biri Mayo klinikasi ekspertlari yordam ko‘rsatishadi. 

iOS va Android qurilmalarida Google'ning kasallik belgilari bo‘yicha qidiruv tizimi ishga tushadi, lekin u hozircha faqat inglizzabon foydalanuvchilarga mo‘ljallangan. Kompaniya kelajakda bu funksiya uchun kasalliklar, tillar va mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: