Germaniyaning Keln shahri sudi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Axel Springer mediakonserni rahbari Matias Dyopfner ustidan shikoyatini rad etdi, deb xabar bermoqda Deutsche Welle nashri.
Avvalroq Dyopfner ZDF telekanalida Erdo‘g‘an haqida hajviy she'r o‘qigan nemis teleboshlovchisi Yan Byomermanni qo‘llab-quvvatlab, ochiq xat yozgani ma'lum qilingandi.
Sudda Axel Springer rahbarining so‘zlari konstitutsiya bilan muhofazalanadigan "o‘z fikrini bildirish" ekanligi aytilgan.
Avvalroq Erdo‘g‘anning shikoyatini Keln yer sudi rad etgandi.
Byomermann tomonidan Erdo‘g‘an haqidagi hajviy she'r 31 mart kuni Neo Magazin Royale ko‘rsatuvida o‘qib eshittirilgandi. Byomermann o‘z she'rida Erdo‘g‘anni kurdlar va nasroniylarni tahqirlash hamda muxolif gazetalarning yopilishida ayblagandi.