Belgiya hukumati qirollik hududida xo‘jalik kimyo mahsulotlarining 7 turini, xususan vodorod peroksidini sotishni taqiqlashga qaror qildi. Ulardan qo‘lbola portlovchi moddalar yasalishi mumkinligi shunday choralar ko‘rilishiga asos qilib ko‘rsatilmoqda. Bu haqda Belgiya hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Kris Peters ma'lum qildi.
Mazkur taqiq rasman e'lon qilinganidan 10 kun o‘tib kuchga kiradi.
Endilikda Belgiyada vodorod peroksididan tashqari, azot kislotasi, nitrometan va yana 4ta natriy va xlor aralashmalaridan ishlab chiqilgan begona o‘tlarga qarshi gerbitsid sotilishi mumkin emas. Bundan tashqari, jismoniy shaxslar tomonidan atseton va azotli o‘g‘itlar xarid qilinishi jiddiy nazorat ostiga olinadi.
Bu mahsulotlar savdosi taqiqlanmagan bo‘lsa-da, maxsus xizmatlar do‘kon egalarini shubhali xaridlar borasida ma'lum qilishga chaqirmoqda. Masalan, xavfli kimyoviy mahsulot yirik hajmda xarid qilinsa yoki kam-kamdan doimiy ravishda sotib olinsa, do‘kon egalari maxsus xizmatlarni bundan xabardor etishlari lozim bo‘ladi.
Politsiyaning qayd etishicha, 22 mart kuni Bryussel metrosi va aeroportida amalga oshirilgan portlashlarda aynan atseton va vodorod peroksididan qo‘lbola portlovchi moddalar yasalgan.