Toshkentda o‘tgan davra suhbatida “Jamoatchilik nazoratini ta'minlashda OAVning o‘rni va roli” mavzusida so‘z yuritildi 

O‘zbekiston 21:54 / 20.06.2016 6039

2016 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida partiyaning “Media olam: tendensiyalar va istiqbollar” loyihasi doirasida “Jamoatchilik nazoratini ta'minlashda OAVning o‘rni va roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Siyosiy Kengashi Markaziy apparati mas'ul xodimlari, hududiy Kengashlar matbuot kotiblari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar hamda partiya faollari ishtirok etdi. 

Agar 1991 yilda O‘zbekistonda 395 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat olib borgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida yaratilgan keng sharoitlar tufayli ommaviy axborot vositalarimizning soni hozirda 1400 dan ziyodni tashkil etmoqda. Bugun O‘zbekistonda OAV to‘qqizta tilda nashr etiladi va efirga uzatiladi. Respublikada ayniqsa, nodavlat OAV tez rivojlanmoqda. Telekanal, radiokanallardan tashqari veb-saytlar ham OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. 

Keyingi yillarda ommaviy axborot vositalarini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish, olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashda ularning faolligini oshirish, media makonga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bevosita joriy etishga qaratilgan qariyb 10 ta qonun hujjati qabul qilindi.   

Tadbir so‘nggida 2015 yilda O‘zbekiston “Adolat” SDP tashkil topganining 20 yilligi munosabati bilan ta'sis etilgan partiya faoliyatini targ‘ib qiluvchi eng yaxshi jurnalistik material uchun “Kuch — adolatda!” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlov tashkiliy komissiyasiga partiya faoliyatini faol yoritib kelayotgan 50 nafarga yaqin ijodkorlardan jami 400 dan ortiq materiallar kelib tushdi.

Ko‘rik-tanlov yakunlariga ko‘ra televideniye, radio, matbuot va internet yo‘nalishlarida eng yaxshi jurnalistik materiallar hamda mualliflari partiyaning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, matbuotchilar bayrami munosabati bilan partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining matbuot kotiblari professional fotoapparatlar bilan rag‘batlantirildi. “Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi tahririyatining eng faol ijodiy va texnik xodimlariga partiyaning qimmatbaho sovg‘alari hamda faxriy yorliqlari topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: