2019 yilda Maserati kompaniyasi elektr sportkar yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Fiat Chrysler Automobiles alyansi rahbari Serjio Makrionnega iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi ma'lum qildi.
"Menga Tesla Motors firmasining tejamkor modeli tinchlik bermayapti, Fiat Chrysler undan o‘rnak olsa bo‘lardi. Fikrimcha, bunday tajribaviy loyihani kelajak modellarimizdan biri bilan ishga tushirsa qiziq bo‘lardi", deb tushuntirdi Markionne.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, elektr modifikatsiya Alfieri modelida paydo bo‘ladi, bu nomdagi prototip 2014 yilda Jyeneva avtosalonida namoyish qilingandi. Flagman sport kupesi 2018 yilda seriyali tarzda ishlab chiqarilishi kutilmoqda, uning negizidagi elektrokar esa 2019 yildan keyin konveyerga qo‘yiladi.
Markionne 2021 yildan keyin Maserati’ning har bir modelida gibrid kuch qurilmasiga ega versiyasi paydo bo‘lishini tasdiqladi. Avvalroq 5 yildan keyin Quattroporte, GranTurismo, GranCabrio, Ghibli va Levante modellari benzin-elektr modifikatsiya olishi ma'lum qilingandi.