«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning 1998 yildagi yangi tahririning 5-moddasida: «Davlat diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakat (prozeletizm), shuningdek, boshqa har qanday missionerlik harakati man etiladi», deyilgan. Demak, diniy konfessiyalar o‘rtasida turli xil noxushliklarni keltirib chiqarmaslik, bir din vakili tomonidan boshqa dinlarni kamsitilishini oldini olish maqsadida hukumatimiz tomonidan missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlab qo‘yilgan. Hozirda respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan turli xil tashkilotlar niqobi ostida ish olib borayotgan missionerlarning maqsadi nima? Sirtdan qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan bo‘lib ko‘ringan bu missionerlar aslida ko‘pni ko‘rgan ishbilarmon, ilonni yog‘ini yalagan uddaburonlardir. Ular, avvalo, vaziyatni, kishilarni, amaldorlarni, ularga chiqish yo‘llarini yaxshilab o‘rganadilar. Keyin esa asta-sekin insoniy yordam, tibbiy xizmat, xayru exsonga o‘xshash narsalardan gap ochadilar. Ko‘lidan ish keladiganlarga sovg‘alar ulashadilar. Asta-sekin u yer-bu yerdan odamlarni to‘plash boshlanadi, oddiy suhbat, choy ichish, videofilm ko‘rish, kichkinagina sovg‘a va sovg‘aga qo‘shib suhbatdoshning ona tilidagi missionerlikni targ‘ib qiluvchi kitob berishadi. Qarabsizki, yetti pushti musulmon bo‘lib kelgan bir shaxs missionerlarning qurboniga aylanadi.
Bir payt qaraysizki, o‘zimizdan chiqqan o‘ljalar o‘zimizni buzishga jon-jahdi bilan urinadi. Missionerlar esa bunday xatti-harakatlardan juda ham xursandlar.
Ularning asl maqsadi dinga kiritish emas, balki musulmonlarni dindan chiqarishdir. Missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan kishilar umuman tarafdorlarining axloqini yaxshilash bilan shug‘ullanmaydilar. Aksincha, ular xulqni buzadigan ishlarni yoyishadi. Turli xil o‘yinlar, «diskotekalar» tashkil qilishadi, restoranlar ochib, tungi ko‘ngilxushliklar uyushtirishadi.
Taassufki, hozirgi kunda diyorimizdagi ayrim hududlarda musulmon farzandlarimizni boshqa dinlarga og‘dirish, ya'ni missionerlik harakatlari uchrab turibdi. Sof aqida nima ekanidan bexabar, xaq bilan nohaqlikni anglab yetmagan ba'zi odamlar o‘z dinlaridan kechib ketishlari juda achinarlidir. Bu esa jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanmish oilada har xil nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmokda. Ularning o‘z e'tiqodlaridan yuz o‘girishlarining birinchi sababi islom aqidasini yaxshi bilmasliklari bo‘lsa, ikkinchisi missionerlar tomonidan turli xil ko‘rinishdagi moddiy rag‘batlantirishlardir. Ma'lumotlarga qaraganda, hozirgi kunda Osiyo davlatlarining bir nechtasi va Afrika qit'asining aksar davlatlarida missionerlik harakatlari keng avj olgan.
So‘zimning intihosida shuni alohida ta'kidlashni istardimki, yuqorida aytganimizdek, missionerlarning «g‘amxo‘rligi»ga aldanib, ularning tuzog‘iga ilingan kimsalar aslida islomiy hayotdan ancha yiroq, uning hayotbaxsh ta'limotidan bexabar kishilardir. Aks holda, ular ming yillar davomida ota-bobolari asrab-avaylab kelgan muqaddas dinini arzimas narsaga, dunyo matosiga sotmagan, bunday nodonlik va jaholatga yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edilar.
J.Hotamov,
Samarqand shahar “Xo‘ja Abdumo‘min”
jome masjidi imomi.
Manba: religions.uz