Mansab vakolatini suiiste'mol qilgan mas'ul xodimga tegishli chora ko‘riladigan bo‘ldi

Jamiyat 10:49 / 19.06.2016 6232

Fuqaro Muxlisa Abdullayeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Toshkent shahridagi Yunusobod tumani hududidagi uylardan birini sotib olishni maqsad qiladi. Biroq uyining joylashuvini ko‘rgach, unda shubha paydo bo‘ladi. Boisi ushbu obekt joylashgan manzilning yaqin atrofidagi uy-joylar buzilib, yangi binolar qad rostlayotgan edi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida M.Abdullayeva Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga boradi. U yerda ushbu masala bilan shug‘ullanadigan xodimni topib, undan xarid qilmoqchi bo‘lgan uyi yaqin yillar ichida buzilishi yoki buzilmasligini so‘raydi. R.Muxtorov esa mansab vakolatini suiiste'mol qilgan holda vijdonini chetga suradi va vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishni maqsad qiladi. M.Abdullayevdan ushbu masalaga oydinlik kiritib berish uchun 350 ming so‘m pul talab qiladi. Ishi bitmasligidan qo‘rqqan M.Abdullayeva uning talabiga rozi bo‘ladi. 

Biroq R.Muxtorov maqsadiga erisha olmadi. Ayoldan 350 ming so‘m pulni olayotgan vaqtida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi R.Muxtorovning qilmishiga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.

Ko‘proq yangiliklar: