Amerika Kubogi chorak finali doirasidagi to‘rtinchi uchrashuvda yirik hisob qayd etildi.
Amaldagi chempionlar bo‘lmish Chili terma jamoasi Meksika darvozasiga javobsiz 7ta gol yo‘lladi.
O‘yinning birinchi bo‘limida Edson Puch va Eduardo Vargas bittadan gol urishdi.
Ikkinchi bo‘limda Vargas yana 3ta gol urib, "poker" rasmiylashtirdi hamda musobaqadagi gollari sonini 6taga yetkazib oldi. Shuningdek, Aleksis Sanches o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ydi. O‘yindagi yakuniy hisob Puch tomonidan o‘rnatildi.
Chili turnir doirasida 1979 yildan buyon 1 uchrashuvda 7ta gol urmayotgandi. 1979 yilda chililiklar Venesuelani 7:0 hisobida yengishgandi.
Chorak final doirasida bundan oldinroq, AQSh Ekvadorni 2:1, Kolumbiya Peruni penaltilar seriyasida 4:2, Argentina Venesuelani 4:1 hisobida yenggandi.
Endi 22-23 iyun kunlari yarim final uchrashuvlari o‘tkaziladi. Dastlab AQSh Argentina bilan kuch sinashsa, 1 kun o‘tib, Kolumbiya va Chili maydonga chiqadi.
Meksika – Chili 0:7
Gollar: 0:1 – 16 Puch, 0:2 – 44 Vargas, 0:3 – 49 Sanches, 0:4 – 52 Vargas, 0:5 – 57 Vargas, 0:6 – 74 Vargas, 0:7 – 87 Puch.
Meksika – Ochoa, Moreno, Arauxo, Agilyar, Guardado, Errera, Layyun, Losano (Ximenes, 46), Duenyas (Penya, 46), Korona (Reyyes, 60), Ernandes.
Chili – Bravo, Fuensalida, Bosejur (Gonsales, 73), Xara, Vidal, Medel (Roko, 60), Vargas, Arangis, Sanches, Dias (Silva, 57), Puch.
Ogohlantirishlar: Vidal (39), Guardado (59), Layyun (64).