Joriy yilning 17 iyun kuni Toshkentdagi Radisson Blu mehmonxonasida “O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun o‘n sabab” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Tadbirda hukumat vakillari, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan elchixonalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, madaniyat va san'at arboblari ishtirok etadi.
Dinara & Co. nashriyot uyi va Murad Buildings hamkorligida ingliz va rus tillarida chop etilgan mazkur kollektsion nashr O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va xorijlik sayyoxlar e'tiborini yurtimizga yana bir bor jalb etishni maqsad qilgan.
Nashr 304 sahifadan iborat bo‘lib, undan loyiha uchun maxsus tayyorlangan fotolar, shu bilan bir qatorda so‘nggi 15 yil davomida suratga olingan arxiv ishlar joy olgan. 250dan ortiq noyob kardlar o‘lkamiz me'morchiligi, milliy an'analari, tabiati, shuningdek, xalqimizning turmush tarzi, dilkashligi va samimiyatini namoyon etadi. Kitobda o‘zbekistonlik taniqli fotograf Ernest Kurtveliyevning jannatmakon yurtning o‘ziga xos tarovatini aks etturivchi sara ishlari jamlangan. Kitob o‘lkaning biz bilgan va bilmagan qirralari, maskanlari va festivallari haqida so‘zlab, nafaqat xorijliklar, balki har bir o‘zbekistonlik uchun ham qiziq.
Yangi yondoshuvdagi ushbu kitobni yaratish loyihasini zamonaviy imoratlar barpo etish orkali, yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib kelayotgan innovatsion kompaniyalardan biri Murad Buildings qo‘llab-quvvatladi. Kompaniya asoschisi Murod Nazarov kitob tayyorlash jarayonida nafakat milliy gururni aks ettirish, balki mamlakatning zamonaviy jilosi va ko‘p-qirraligini namoyon etish borasidagi ijodiy goyalar muallifi sifatida ishtirok etdi.
Ijodiy guruh lyuks toifasidagi noshirchilik sohasining xalqaro tajribalarini uyg‘unlashtirgan holda ushbu kitobni yarim yil davomida tayyorlab keldi. Kitobning yaratilishida O‘zbekistonlik o‘z ishining ustalari bilan bir qatorda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi dav-latlardan muharrirlar hissasi bo‘ldi. Bu kitob mamlakatga tashrif buyuradigan oliy martabali mehmonlar, sayyohlar va umuman bu o‘lkaga befarq bo‘lmagan har qanday inson uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘la oladi.
Loyihaning bevosita davomi sifatida eng yaxshi ijodkorlarni atrofida jamlagan Dinara&co. nashriyot uyi kelgusida O‘zbekiston taraqqiyotining turli yo‘nalishlari — me'morchilik, san'at, madaniyat, shuningdek, investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan shu kabi nashrlar seriyasini yaratishni rejalashtirgan.
Kitob bilan yaqinroq tanishish uchun maxsus veb-sahifa ishlab chiqilgan bo‘lib, unda onlayn buyurtma berish imkoniyati ham bor: uzbekistanbook.dinara.co