Norvegiya Atlantidasi

Light 16:33 / 18.06.2016 10566

Olesun shahrini ko‘pchilik Norvegiyaning Venetsiyasi deya be'jiz atamaydi. Bu maskan ko‘p yillardan buyon dunyoning ko‘plab sayyohlarini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Atlantika okeani sohilidagi bu hudud o‘zining hayvonot va o‘simliklar dunyosi bilan ham mashhurdir.

Olesun shahri 1904-yilning qishida bir kecha-kunduz ichida yonib kulga aylandi. Ko‘hna shahardagi uylar asosan yog‘och materiallaridan tayyorlanganligi, qolaversa, qayiqlar va qayiqlar to‘xtaydigan joylar ham yog‘ochdan ishlanganligi ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. O‘shanda Yevropa va Amerika qit'asidagi mamlakatlar og‘ir ahvolda qolgan olesunliklarga yordamga oshiqdi. Qo‘shni Germaniya va Shvetsiya mamlakatlari keksalar, ayollar va bolalarni o‘z bag‘riga qabul qila boshladi. Erkaklar esa yonib kulga aylangan shaharni qayta tiklash bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bundan tashqari erkaklar dengizga chiqib baliqchilik bilan shug‘ullanishdi. Baliqni qayta ishlash kombinati birinchi navbatda qayta tiklandi. Chunki bu tarmoq shahar g‘aznasi daromadini to‘ldiradi. Bejizga Olesunda baliqchilik muzeyini tashkil etilmagan. Endi bu shaharga klegan odamlar boshqacha manzaraning guvohi bo‘ladi. Shahar butunlay o‘zgargan. Olesunning tabiati ham juda go‘zal.

Sohildan qo‘l bilan uzatadigan darajadagi uzoqlikda barjalar, paromlar va bahaybat kemalar harakatlanayotganini ko‘rasiz. Portlar va sanoat korxonalari ishi to‘xtamaydi. Bu o‘lka neftga boy bo‘lganligi bois uglevodorod xom ashyosi qazib chiqarish hajmi yil sayin ko‘payib bormoqda. Neft shu yerning o‘zida qayta ishlanayotir. Suvi juda toza. Norvegiya mehmonlariga kranning o‘zidan bemalol qo‘rqmasdan suv ichaveringlar deb tavsiya qilishadi. Uning ta'mi juda ham shirin. Do‘konlarda sotilayotgan shishaga solingan suvlardan a'lo deyishadi. Yustedalsbreyen tog‘ etaklarida muzliklar muzeyi ham bunyod etilgan.

Norvegiya suvini mo‘'jizaga qiyoslashadi. Bu mamlakatning 3 foiz yerigina qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga moslashgan. Mittigina davlat o‘z xalqini boqibgina qolmay, boshqa mamlakatlarga ekologik mahsulotlarni eksport qilmoqda. Ayniqsa,  Gudbransdal vodiysida boqilayotgan echkining sutidan tayyorlangan pishloq deysizmi, qahraton sovuqda inson tanasini issiq tutuvchi qo‘y yungidan tayyorlangan kiyimlar deysizmi, bularning bari Norvegiyaniki. O‘tgan asrning 60 - yillarida bir paytlar qoloq, agrar mamlakat sifatida tilga olingan Norvegiyada kattadan katta neft zaxirasi topildi. Mamlakat fuqarolari bepul ta'lim, davolanish huquqiga ega. Ishsizlik yo‘q hisobi. Olesunga kelgan ha bir sayyohni birinchi navbatda Aksla tog‘i cho‘qqisiga olib chiqishadi. Bu yerda tomoshagoh qurilgan bo‘lib, 7 orolda joylashgan shaharni bemalol ko‘rish mumkin. U xuddi Venetsiyaning o‘zginasidir. Hatto, undan ham chiroyli deyishadi. Olesunning 3 tomoni Atlantika okeani bilan o‘ralgan. Kanallar markaziy ko‘chalar o‘rnini o‘taydi. Xuddi suratdagidek. Yana bir e'tiborli tomoni shundaki, ko‘priklar va yo‘lkalar ostiga maxsus quvurlar joylashtirilgan bo‘lib, u qishda yo‘llarning muzlashining oldini oladi. Sirpanchiq yo‘llarda ko‘plab noxush holatlar yuz berishi sir emas. Bundan 112 yil ilgarigi yong‘inning takrorlanishini oldini olish maqsadida barcha uylar tosh xarsanglardan qurilgan. Hatto, tomlari ham.

Samolyotdan turib shaharni tomosha qilsangiz, u okeanda suzib borayotgan uzun kumush baliqni eslatadi. Darvoqe, Olesun qimmatbaho dengiz balig‘i nomiga qo‘yilgan. Hatto uning nomini  o‘zgartirishga ham harakat qilib ko‘rishdi. Xalq buni unamadi. Oddiy baliqning nomi qolgani ma'qul deyishdi. Norvegiyada baliq so‘zi juda jarangdordir. Zamonaviy Olesun ko‘chalarida xuddi muzey zallari bo‘ylab yurgandek his qilasiz o‘zingizni. Har bir uy turli rangda, loyihasi ham o‘zgacha qilib ishlangan. O‘yma eshiklar, panjaralar ham diqqatingizni o‘ziga tortadi. Suvga to‘lgan ko‘chalar bo‘ylab mitti yaxtalar va motorli qayiqlar suzib yuradi. Sohilga shundoqqina tutashtirib qurilgan yo‘lkalar odam oyoqlari ostida qimirlab turadi. Uyning ayvonida gazeta o‘qib sigareta tutatib o‘tirgan kishining oyoq kiyimlarini qayiq harakatidan keyin yuzaga kelayotgan to‘lqinlar suvga oqizib yuborayotgandek tuyuladi. 

Azimjon Po‘latov

Ko‘proq yangiliklar: