17 iyun kuni Kanadaning Calgary Herald nashrida jurnalist Jon Gilkristning Kalgari shahridagi birinchi o‘zbek restorani va undagi taomlar haqida qiziqarli maqolasi chop etildi.
"Begim" nomli restorandagi taomlarning nomlanishi ajoyib - "Tok oshi", "Chuchvara", "Funchosa", "Marjimak2 va "Achichuk" - bu nomlar kalgariliklar uchun notanish. Buning boisi biz hech qachon o‘zbek restoranini ko‘rmaganligimizda", - deb boshlanadi maqola.
"Agar siz Kalgaridagi taxminan 20tacha o‘zbek oilasi bilan birga tushlik qilish baxtiga ega bo‘lmagan yoki O‘zbekistonga bormagan bo‘lsangiz, u holda siz "Chalop" va "Holvaytar" haqida hech nimani bilmasangiz kerak", deb davom etadi muallif.
Shuningdek, o‘zbek oshxonasining o‘ziga xosligi, uning Markaziy Osiyo taomlar kolleksiyasi ekanligi hamda atrof-muhitdagi xitoy, hind, fors va Yaqin Sharq madaniyatlarining ta'siri taomlarda ham o‘z aksini topganligi ta'kidlangan.
Muallif Samarqand va Toshkentning Ipak yo‘lidagi savdo yo‘nalishlarida mashhur shaharlar ekanini yodga olib, o‘zbek milliy taomlariga alohida to‘xtalib o‘tgan.
O‘zbek oshxonasining faxri bo‘lgan palov, kabob va somsalar haqida ham so‘z yuritilgan.
Maqolada o‘zbekistonlik Madjonovlar oilasining bir necha yillar avval Kanadaga borgani va u yerda o‘z taomlariga yog‘ilgan maqtovlar natijasida shaxsiy restoran ochishga qaror qilishgani ta'kidlangan.
"Oila a'zolarining har biri oshxonada o‘z hissasini qo‘shadi - Komil ota kabob va palovni qoyillatadi, uning ayoli Mastura suyuq taomlar va shirinliklarni tayyorlaydi, ularning qizi Nigora desertlarni ijod qiladi, Nodir esa salatlarni hozirlaydi. Bu ularning birinchi restorani, ular kalgariliklarning o‘zbek oshxonasiga shunchalik qiziqib qolganidan hayratga tushishdi", - deydi muallif.
U o‘zbek oshxonasidagi o‘ziga xos nozik jihatlarga ham ahamiyat berganiligi ko‘rinib turibdi. Ziravorlar haqida alohida so‘z yuritilgan va kaboblar mol, qo‘y va tovuq go‘shtidan tayyorlanishiga e'tibor qaratgan. "Begim" restoranida cho‘chqa go‘shti va spirtli ichimliklar yo‘q, chunki Madjonovlar musulmon oila bo‘lib, ular faqat halol go‘sht ishlatishadi", deyilgan maqolada.
Muallif o‘zining rus do‘stlariga bu restoran haqida aytganligi va bundan ularning xursandchiligi cheksiz bo‘lgani hamda do‘stlari "o‘zbek taomlari Markaziy Osiyodagi eng yaxshi taomlar" deb hisoblashlarini alohida ta'kidlagan.