Hindiston harbiy havo kuchlari tarixida birinchi marta jangovar qiruvchi samolyotlarni ayol-uchuvchilar boshqarishiga ishonch bildirildi. 18 iyun kuni - uchuvchilar tayyorlash akademiyasining 3 nafar bitiruvchisi mamlakat HHK uchuvchilar tarkibiga qabul qilingan.
Qizlarning har biri 150 soatdan parvoz qilib, birinchi bosqichni muvaffaqiyat bilan tamomlagan. Endilikda, ofitserlik tasmalarini olgan uchuvchi qizlar yarim yil mobaynida "Xouk" AJT (Advanced Jet Trainers Hawk) o‘quv samolyotlarida o‘z tajriba va ko‘nikmalarini takomillashtiradi. Shundan so‘ng, harbiy samolyotlarni qabul qilib, mavjud eskadrilyalar ixtiyoriga yuboriladi.
Hindiston mudofaa vazirligi rasman 2015 yildan ayol harbiy xizmatchilarga qiruvchi samolyotlarni boshqarishga ruxsat bergan edi.
Mamlakat HHK bosh qo‘mondoni Arup Raxa, ayollarni o‘quv kursini tamomlagani bilan tabriklar ekan, go‘zal "zaifa" bo‘lganliklari uchun ularning boshi silanmasligi, balki hamma qatori talab qilinishidan ogohlantirgan.
Qayd etilishicha, hind ayollari 2010 yildan boshlab, mamlakat piyoda qo‘shinlari va HHK tarkibida xizmat qilish huquqini qo‘lga kiritgan edi. Bugungi kunda, Hindiston HHKlari tarkibida 1,5 ming ayol xizmat qilib, ularning 94 nafari uchuvchilardir. Ammo, shu paytga qadar, ayollarga qiruvchi samolyotlar ishonilmagan edi.