Xorvatiya prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich Yevropa chempionati guruh bosqichi doirasidagi Chexiyaga qarshi o‘yin davomida o‘zini yomon tutgan muxlislarni xalq dushmanlari deb atadi.
"Jamoaga qoyilman. Siz, xalq dushmanlari esa qilgan ishlaringiz uchun javob berasiz. Balli, xorvatiyalik muxlislar! Sharmandalar",- deb yozadi mamlakat prezidenti Facebook'dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, 2:2 hisobida yakunlangan o‘yin davomida xorvatiyalik muxlislar stadionga yonuvchi jismlar uloqtirishgandi.
Shuningdek, bu voqeaga terma jamoaning bir qator futbolchilari munosabat biladirgan. Xususan, Rakitich muxlislarning tartibsizligi tufayli Xorvatiya termasi Yevro–2016 dan chetlatilishi mumkinligini istisno etmayapti.
"Ko‘ramiz, Ispaniyaga qarshi o‘ynay olamizmi, yo‘qmi. Balki, uyga ketishimizga to‘g‘ri kelar", – degan Rakitich.
Xorvatiya termasining boshqa bir futbolchisi Ivan Perishich ham bu borada quyidagicha fikr bildirdi:
"Bunday voqea bo‘lganidan ko‘ra, biz bu yerga kelmaganimiz yaxshi edi".
"Bir nima deyishga til ojiz. Bunday holatlar takror va takror bo‘lmoqda", – deya afsusini bildirgan Xorvatiya termasi sardori Dario Srna.
Xorvatiya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Slaven Bilich ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.
"Xorvatiyada "Xayduk" va "Dinamo" o‘rtasidagi katta derbi bo‘ladigan kuni, ota-onalar stadionga farzandlari bilan kelishni xohlamaydilar. Ular bu muammo bo‘lishini oldindan bilishadi. Dario Srna tribunalardagi bunday tartibsizliklardan charchaganini aytdi", degan u.
Biroz oldinroq, Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UYeFA) Xorvatiya futbol ittifoqiga nisbatan intizomiy ish ochdi.
Manba: Tribuna.UZ