4 nafar xitoylik ko‘ngilli 180 kunni tashqi dunyodan uzib qo‘yilgan fazoviy kapsula ichida o‘tkazadi. "Sinxua" agentligining xabariga ko‘ra, ushbu tajribadan ko‘zlangan maqsad, uzoq muddatli masofalarga parvozlarni amalga oshirish texnologiyalarini ko‘zdan kechirish va inson imkoniyatlarini baholashdan iboratdir.
Jamoa tarkibiga, 3 erkak va bir ayol kirgan bo‘lib, ular 2 mingdan ortiq nomzod orasidan tanlab olingan. Ularning ikki nafari Xitoy fazogirlar markazi mutaxassislari, qolgan ikkisining fazoga uchishda hech qanday tajribasi yo‘q.
Fazoviy moslama XXR janubidagi Shenchjen shahrida joylashgan bo‘lib, uning hajmi 1340 kubmetrni tashkil etadi. Uning ichki inshootlari maydoni - 370 kvadrat metrdir.
Mutaxassislar, kapsulaga Xitoyning "Shenchjou" kosmik kemalarida qo‘llaniladigan hayotni ta'minlash tizimlarini o‘rnatishgan. Ko‘ngillilar uchun kerak bo‘lgan kislorod va suv aylanib turadi. O‘zlarini taom bilan ta'minlash maqsadida fazogirlar 25 turdagi o‘simlikni yetishtira olishadi. Xususan, bug‘doy, kartoshka, batat, soya, yeryong‘oq, salat bargi, xitoy karami, pomidorlar va hatto qulupnay va gilos ham yetishtirishlari mumkin.
Kapsula tashqarisidagi tadqiqotchilar esa, tajriba qatnashchilarining hayotini diqqat bilan kuzatishadi. Ularning ruhiy holati va bioritmlari o‘rganiladi.