Farg‘onalik fermerlarga g‘alladan bo‘shagan yerlardan unumli foydalanish yuzasidan saboq berildi

O‘zbekiston 10:03 / 18.06.2016 10621

Yerning hosildorligini qayta tiklash va yaxshilash maqsadida tomorqa madaniyatida almashlab ekish amaliyoti  muhim ahamiyat kasb etadi. Aksariyat hollarda bir oilaga mansub o‘simliklar muayyan turdagi zararkunandalar va kasalliklardan aziyat chekadi, shu bois turfa xil oilaga mansub o‘simliklarni navbatma navbat yetishtirish almashlab ekish madaniyatining ustuvor tamoyillaridan sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda 2016 1il 16 iyun kuni Oltiariq tumanida tashkil etilgan seminarda yerdan unumli foydalanishning innovatsion uslublarini ommalashtirish va g‘alladan bo‘shagan yerlarda boshqa turdagi ekinlarni yetishtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi. Seminar ishtirokchilar uchun samara ko‘rsatishi maqsadida bevosita  ekin maydonida o‘tkazildi.   

Mutaxassislar qayd etishicha, qishloq xo‘jaligi sohasida takroriy va o‘zgarmas ekinlarda hosildorlikning pasayishiga turli xil kasalliklar, zararkunandalar va hasharotlar sabab bo‘ladi. Almashlab ekish madaniyati esa ekin yetishtirish texnologiyasi hamda biologik xususiyatlar bilan tubdan farqlanib, yuqoridagi sabablar bu jarayonda bartaraf etiladi. Bundan tashqari seminar davomida fermerlarga qishloq xo‘jaligi madaniyatida yaratilgan yangi navlar hamda ularni yetishtirishga yordam beruvchi zamonaviy o‘g‘itlar namoyish etildi. 

Seminarda ishtirok etgan fermerlar ekin maydonlaridan takroriy foydalanilishi hamda mineral o‘g‘itlar va neft mahsulotlari xaridi davomida fermerlar uchun yaratilgan imtiyozlarning maqsadli qo‘llanilishini monitoring qiluvchi tizimning samaradorligi yuzasidan fikr almashishdi. Shuningdek, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga ekport qilishni agrofirmalar orqali amalga oshirish imkoniyati ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi. 

Bevosita ekin maydonida o‘tkazilgan seminar davomida ishtirokchilar takroriy ekish madaniyatida samarali qo‘llaniladigan texnika, mineral o‘g‘itlar va urug‘lar namunalari bilan yaqindan tanishishdi.

Ko‘proq yangiliklar: