Bugun, 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00da Bordo shahridagi "Matmyut Atlantik" o‘yingohida Belgiya va Irlandiya uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Birinchi turda Italiyadan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan keyin turnirning "sirli toychog‘i" maqomidagi Belgiya terma jamoasi bugun Irlandiyaga qarshi muhim uchrashuvda maydonga tushadi. "O‘lim guruhi" deya qayd etilgan bu guruhda Italiya 2-turda Shvetsiyani mag‘lub etdi va keyingi bosqich masalasini hal qildi. Bugungi to‘qnashuvda belgiyaliklarga ham irlandlarga ham g‘alaba suv va havodek zarur.
Belgiya terma jamoasi Fransiyadagi turnir boshlanishidan oldin g‘oliblik uchun asosiy da'vogarlardan biri sifatida qaralayotgandi. Mark Vilmots qo‘li ostida kuchli futbolchilar jamlangan bo‘lsada, jamoa yorqin o‘yin ko‘rsata olmadi.
Martin O'Nil boshchiligidagi irlandlarda hozir faqat 1 ochko bor va ularga ham bugun ochko zarur.
Jamoalar oxirgi marta deyarli 30 yil oldin uchrashishgan. O‘shanda, 1988 yilgi JCh uchun saralash bosqichi doirasidagi 2 uchrashuvda ham durang bilan yakunlangan, turnirga irlandlar yo‘l olgandi. Jamoalarning jami 14 uchrashuvida tomonlar 5 martadan g‘alaba qozongan, 4 uchrashuvda durang qayd etilgan.
Bugun Belgiya tarkibida jamoa yetakchisi Kevin de Bryuyne jarohat tufayli o‘ynay olmasligi mumkin. Irlandlar safida esa Jonatan Uolters jarohatlangan.
Uchrashuvni Junayt Chaqir boshchiligidagi hakamlar boshqarib borishadi.
Taxminiy tarkiblar:
Belgiya: Kurtua – Vertongen, Vermalen, Alderveyreld, Jordan Lukaku – Vitsel, Mertens – Azar, Fellayni, Ferreyra-Karrasko – Romelu Lukaku
Irlandiya: Randolf – Breydi, Klark, O’Shi, Koulmen – Xendrik, Uilan, Makgidi, Hulahan – Makklin, Long
Mark Vilmots, Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi:
"Bizning futbolchilar katta jamoalarda to‘p surishadi va bosimni yengib o‘ta olishadi. Men hamisha ularga futbol nima ekanini o‘rgatib kelaman. Biz hali yo‘q bo‘lganimiz yo‘q. Biz qo‘limizdan nima kelsa, shuni qilamiz".
Martin O’Nil, Irlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi:
"Yevropa chempionatiga kelgan boshqa terma jamoalarda bo‘lgani kabi, belgiyaliklar tarkibida ham ko‘plab kuchli futbolchilar bor. Bizni qiyin o‘yin kutmoqda. Biz bu o‘yinni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. Biz shvedlarga qarshi zo‘r o‘ynadik, hatto g‘alabaga yaqin kelgandik ham. Ammo bu o‘yinda ochko yo‘qotdik. Hozir bizda Shvetsiyaga qarshi o‘yindagi xatolarni tuzatish imkoni bor. Biz belgiyaliklarga qarshi jang o‘tkazamiz".
Manba: Tribuna.UZ