Amerikaning FA-18 qiruvchi samolyotlari uchuvchilari, rossiyalik uchuvchilar Suriyadagi isyonchilar pozitsiyalariga zarba berayotgan vaqtda, ular bilan aloqa o‘rnatmoqchi bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Pentagon ma'muriyati. Biroq, amerikalik harbiylar Rossiya harbiy kosmik kuchlari uchuvchilarining javobini olishmagan.
AQSh mudofaa vazirligi FA-18 qiruvchi samolyotlarini Iordaniyaning Suriya bilan chegaralariga yuborgan vaqtda, bu yerda rus samolyotlari isyonchilar nuqtalariga raketa zarbalari berayotgan bo‘lgan.
Harbiy havo hujumlari ikki marta amalga oshirilgach, amaliyot hududiga Amerika FA-18 qiruvchilari yuborilgan. Amerikalik uchuvchilar, avvaldan kelishilgan kanal bo‘yicha rossiyalik uchuvchilar bilan bog‘lanishga samarasiz urinishgan. Shundan so‘ng, ular yoqilg‘i quyish uchun hududni tark etgan.
Pentagon vakilining aytishicha, «Rossiyaning so‘nggi harakatlari, uning rejasiga bog‘liq xavotirlarni paydo qilmoqda». Shunga ko‘ra, Pentagon tomoni Rossiya mudofaa vazirligidan zarbalar nima uchun berilgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligi borasida tushintirishlar berilishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Reuters agentligining Pentagondagi vakili xabar qilganidek, Rossiya aviatsiyasi AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va IShIDga qarshi kurashayotgan hamda ayni vaqtda Suriya hukumatiga qarshi isyon qilgan muxolifat hududlariga zarba bergan edi.