Uber taksi servisi Braziliyada yo‘lovchilarni vertolyotlarda tashish loyihasini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqida Folha de Sao Paolo ma'lum qildi.
Mijozlarga mobil qurilmalaridagi Uber ilovasi orqali vertolyot buyurtma qilish xizmati taklif qilinadi. Biroq bunday taksi xizmati mijozni San-Paulu shtatidagi vertolyot qo‘nishga ruxsat berilgan to‘qqizta nuqtagagina yetkazib qo‘yishi va u yerdan olib ketishi mumkin.
Mazkur servis mijozlar uchun har kuni ertalab soat yettidan to kechki sakkizgacha xizmat ko‘rsatadi.
Uber kompaniyasining ma'lum qilishicha, vertolyot-taksi xizmatining bahosi standart taksilardan taxminan to‘rt barobar qimmat, lekin shunday bo‘lsa-da, vertolyot yo‘lovchilarni o‘z manzillariga to‘rt barobar tezroq eltib qo‘yadi.