Mercedes-Benz kompaniyasi GLC krossoverining vodorodli yoqilg‘i yacheykalarida ishlaydigan motorli namunasini oshkor qildi. Kontsept kar GLC F-Cell deb nomlandi.
Nemis avtomobilsozlarining bayonotiga binoan, vodorod va kislorodning kimyoviy reaksiyasidan quvvat oluvchi elektrli dvigatel shunchalik ixcham bo‘lganki, u GLC kapoti ostiga bemalol o‘rnashgan. Vodorod uchun karbondan yasalgan ikkita bak krossover poli tagiga joylashtirilgan.
Baklarning hajmi 4 kilogrammdan. Ularni vodorod quyish stansiyalarida 3 daqiqa ichida qayta to‘ldirsa bo‘ladi.
Bundan tashqari, avtomobil kuzovining orqa qismiga o‘rnatilgan 9 kilovatt-soatlik litiy-ionli batareyalarga ham ega. Mercedes-Benz GLC F-Cell ayni shu akkumulyator yordamida vodoroddan foydalanmagan holda 50 kilometrlar yura oladi. Batareyalarni xo‘jalik elektr tarmog‘idan qayta quvvatlantirsa bo‘ladi.
Umuman, tormoz vaqtida hosil bo‘lgan kinetik energiyani rekuperlash tizimiga ham ega krossover jami 500 kmlar masofani ortda qoldira oladi.
Mercedes-Benz GLC F-Cell ko‘plab qismlari kompaniyaning o‘zida ishlab chiqariladi. Xususan, gap vodorodni saqlash baklari haqida bormoqda. Yangi namunadagi mashinaning batareyalarini Daimler AGning shaxobchasi Accumotive ishlab chiqqan.
Mercedes-Benz kompaniyasida qayd etishlaricha, ular vodorodli GLCning ommaviy modeli ustida ish olib borishmoqda. Ammo uning qachon paydo bo‘lishiga oydinlik kiritilmagan.