Qatar sudi politsiyaga nomusiga tajovuz qilingani bo‘yicha murojaat qilgan niderlandiyalik qizning o‘zini nikohsiz jinsiy aloqaga kirishda ayblab, shartli jazo va 824 dollar jarimaga tortdi.
22 yoshli qizning advokati aytishicha, mart oyida Dohadagi mehmonxonalardan birida qizning ichimligiga nimadir qo‘shib qo‘yilgan. Shundan keyin qiz hushini yo‘qotgan. Keyinroq u noma'lum kvartirada o‘ziga kelgan va nomusiga tajovuz qilinganini anglagan.
Qiz yaqinlarining aytishicha, uni 3 oy avval hibsga olishgan, biroq ish o‘tgan dam olish kunlari ovoza bo‘ldi.
Sud shuningdek zo‘ravonga nisbatan ham hukm chiqardi, unga nikohsiz jinsiy aloqaga kirgani uchun 100 marta, spirtli ichimlik iste'mol qilgani uchun yana 40 marta qamchilash belgilandi.
Qatar Jinoyat kodeksining 281-moddasida 16 yoshdan katta bo‘lgan ayol bilan ayyorlik, zo‘ravonlik qo‘llagan holda yoki usiz jinsiy aloqaga kirganlar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi, xuddi shunday jazo nikohsiz bunday aloqaga rozi bo‘lgan ayolga ham belgilanadi.
Arab davlatlarida bunday voqealar avval ham sodir bo‘lgan. Misol uchun, 2013 yilda BAAda politsiyaga nomusiga tajovuz qilingani bo‘yicha murojaat qilgan Norvegiya fuqarosi soxta guvohlik bergani, nikohsiz aloqaga kirgani va spirtli ichimliklar iste'mol qilgani uchun jazolangan. Keyinroq u afv etilgan va unga Norvegiyaga qaytishga ruxsat berilgan.