Xavfsizlikning yangi turi – turistik politsiya sayyohlarni himoya qiladi

Jahon 11:10 / 14.06.2016 5557

Xavfsizlikning yangi turi – turistik politsiya sayyohlarni himoya qiladi

Xitoy turizm ishlari davlat boshqarmasi rahbari Li  Tszintszaoning so‘zlariga qaraganda, tez orada “osmon osti mamlakati”da sayyohlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida turistik politsiya tashkil qilinadi. Uning aytishicha,  xukumat mamlakatga kelayotgan sayyohlarning xavfsizligini ta'minlashda muhim bo‘lgan ma'suliyatini his qiladi. Ta'kidlanishicha, bugungi kunda Xitoyning barcha viloyatlarida sayyohlarning xavfsizligini ta'minlash masalasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Turistik politsiyaning tashkil etilishi ham mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning tarkibiy qismi bo‘ladi. Ayni damda turistik politsiya Yunnan viloyatida faoliyat yuritmoqda. Turistik politsiyaning oltita bo‘limi bor. Xitoyda ilk  turistik politsiya 2015 yilning oktabrida Xaynan orolining Sanya shahrida  tashkil etilgan edi.

Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda dunyoning biror bir mamlakatini sayyohlar uchun to‘la ma'noda xavfsiz, deb bo‘lmaydi. Sayyohlar har qanday mamlakatda kutilmagan hodisalar bilan to‘qnash kelishlari mumkin. Ko‘pchilik Yevropada sivilizatsiya rivojlangan, shu sababli “qo‘hna qit'a” mamlakatlarida jinoyatchilik yo‘q, deb o‘ylashadi. Ammo har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi, Yevropada ham o‘g‘irlik mavjudligi tan olinadi. Nafaqat mehmonxonalarda, balki kuppa-kunduzi katta ko‘chada o‘g‘irlik yuz berishi mumkin. Bundan tashqari sayyohlarning o‘zlari qandaydir hujjat, pul yoki buyumlarini yo‘qotib qo‘yishlari ehtimoldan xoli emas. Shuningdek, mehmonxona xodimlarining boqibeg‘amligidan yoki huquqlari buzilishidan aziyat chekishlari mumkin. Mana shu kabi muammolar paydo bo‘lgudek bo‘lsa, u holda turistik politsiya yordamga keladi.

Bugungi kunda har bir sayyoh boradigan shahar yoki kurortda politsiyaning maxsus bo‘linmasi faoliyat yuritadi. Ular murakkab vaziyatlarga tushib qolgan sayyohlarga har tomonlama yordam beradi. Qoidaga ko‘ra turistik politsiya xodimlari bir nechta xorijiy tillarni bilishi kerak. Ular har qanday vaziyatda xorijiy sayyohlarga ko‘mak berishlari kerak bo‘ladi. Turistik politsiya xodimlari imkon qadar tezroq sayohlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishlari zarur. Shu bilan birga turistik politsiya xodimlari hamishga ham ko‘ngildagidek ishlamasligi tan olinadi. Ayrim hollarda ular sayyohlarni emas, mahalliy aholi vakillarini himoya qilishlaridan ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Latviya poytaxtida anchadan beri turistik politsiya xodimlari navbatchilik qilmoqda. Ularning vazifasi xorijlik sayyohlarga har tomonlama yordam berishdan, jumladan, Rigadagi jamoat tartibi qoidalarini tushintirish, huquq-tartibot idoralarining xodimlari bilan muloqot chog‘ida tarjimonlik qilishdan iborat. Ayni damda bo‘limda bitta boshliq va 14 nafar inspektor faoliyat yuritadi. Ulardan 10 nafari ko‘chalarda patrullik qilsa, to‘rt nafari kunu tun telefon tarmog‘iga ko‘z-quloq bo‘lib turadi.

Tailandda turistik politsiya 24 soat, dam olishlarsiz ishlaydi. Bu mamlakatda turistik politsiyaga yo‘l transport hodisalari yuz bersa, o‘g‘irlik qayd qilinsa, mehmonxona, do‘konlarda turli muammolar yuz bersa murojaat qilinadi.

Pxuket orolida ham oddiy politsiyachilardan tashqari turistik politsiya faoliyat yuritadi. Shu bilan birga sayyohlar oddiy politsiya vakillariga ham, turistik politsiya xodimlariga ham murojaat qilishlari mumkin. Turistik politsiyaning afzalligi shundaki, ular   til bilishadi.

Misrda dam olayotgan sayyohlar tez-tez politsiyaga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Bunga o‘g‘irlik, firibgarlik, kamsitilish, sog‘liqqa yetkazilgan zarar kabi hodisalar sabab bo‘ladi. “Ehromlar mamlakati”da  politsiya vakillari katta obro‘ga ega. Shu sababli mahalliy aholi politsiya bilan to‘qnash kelishdan o‘zlarini olib qochadi. Sayyohlar manfaatlarini so‘zsiz turistik politsiya himoya qiladi. Byudjyet sayyohlar kelishiga tobe bo‘lgani uchun ham davlat dam olishga kelgan xorijliklarni muhofaza qilishga intiladi. Misrda politsiya saflarida xizmat qilish nufuzli sanaladi.

“Turizm to‘g‘risida”gi qonunga binoan Bolgariyada ham Turistik politsiya tashkil etilgan. Bu, o‘z navbatida, turizm vazirligiga katta vakolatlar berilganidan dalolat beradi. Mazkur bo‘lim mehmonxonalar zamon talablariga javob beradimi yoki yo‘qmi degan masalalarni ham  o‘z zimmasiga olgan.

Birlashgan Arab Amirliklarida turistik politsiya mamlakat fuqorolarini sayyohlardan himoya qiladi. Aslida ular sayyohlarni mahalliy aholidan muhofaza qilishi kerak edi. Bundan bir necha yil muqaddam Birlashgan amirlik jahondagi jinoyatchilik eng kam sodir etiladigan mamlakat sifatida ko‘rilardi. Ammo sayyohlarning ko‘payishi, xizmat ko‘rsatish sohasiga xorijliklarning keng jalb qilinishi tufayli jinoyatchilik ko‘paya bordi. Birlashgan Arab Amirliklarida turistik politsiyachilar maxsus kiyim kiyishmaydi. Ular oddiy fuqorolar singari shahar ko‘chalarida yurib, xorijliklarni suhbatga tortib, ularning o‘y-fikrlaridan boxabar  bo‘lishadi.

Sayyohlik rivojlangan shaharlarda, jumladan, Venetsiyada bunga katta ahamiyat qaratishadi. Bu shaharda bir guruh odamlarni to‘plab, ularni shahar bo‘ylab sayr qildirib bo‘lmaydi. Buning uchun, albata, litsenziya olish zarur.

Politsiyaning bu kabi tuzilmasi Isroil, Ispaniya, Latviya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Shri-Lankada ham bor. Bu mamlakatlardagi turistik politsiya xodimlari sayyohlik hududlarida patrullik qiladi va xorijlik mehmonlarga har tomonlama yordam beradilar. Ayrim mamlakatlarda turistik politsiya mamlakat qonunlariga qay tarzda amal qilinayotganini ham nazorat qilib boradi. Bir qator mamlakatlarda esa turistik politsiya  mahaliy qoida buzuvchilarga nisbatan mehmonlar uchun ko‘proq bosh og‘rig‘i bo‘layotgani ham tan olinadi.

Turistik politsiyaning asosiy maqsadi sayyohlarga yordam berishdan iborat. Shu bilan birga turistik politsiya boshqa bir vazifalarni ham bajaradi. Ya'ni ular vaqti vaqti bilan ekskursovodlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini ham tekshirib turadilar.

 

Sharofiddin To‘laganov

 

Ko‘proq yangiliklar: