Donald Tramp o‘zining 70 yoshligini nishonlamoqda

Jahon 10:58 / 14.06.2016 5815

AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod milliarder Donald Tramp bugun - 14 iyun kuni o‘zining 70 yoshligini nishonlamoqda. Yoshiga qaramay siyosatchi prezidentlik poygasida faol. 13 iyun - dushanba kuni u Nyu-Hempshir shtatidagi tarafdorlari bilan uchrashdi, 14 iyun - seshanba kuni respublikachi Shimoliy Karolina shtatidagi Grinsboro sport arenasida miting uyushtirmoqda. Bu haftada u Atlanta (Jorjiya shtati), Xyuston va Dallas (Texas shtati), shuningdek Las-Vegas (Nevada shtati)ga borishni rejalashtirgan. 

Trampning 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan Tampa shahrida (Florida shtati) uning muxlislari kumiriga "Happy birthday to you!" qo‘shig‘ini kuylab tabriklashdi. Milliarder bunga javoban kulib yubordi va "bu haqida eshitgisi ham kelmayotgani"ni aytdi. 

"Men o‘zimni 35 yoshdek his qilyapman va bu yaxshi yangilik" dedi Tramp.

Tadbirkor va teleprodyuser AQShda bo‘lib o‘tayotgan bu yilgi saylov oldi prezidentlik kampaniyalarining eng yorqin va janjalkash ishtirokchisi sifatida o‘zini namoyon qildi. Ijtimoiy so‘rovnomalarga ko‘ra, ommaviy va provakatsion chiqishlari bilan mashhur milliarderni asosan an'anaviy siyosatdan hafsalasi pir bo‘lgan amerikaliklar qo‘llab-quvvatlashmoqda. 

Tramp Ikkinchi jahon urushidan avval Nyu-Yorkning Bruklin va Kuins hududlarida arzon turar joylar qurib davlat orttirgan otasining boyligini meros qilib olgan. U biznesni rivojlantirishda yo‘nalishini vaqtida o‘zgartirib, o‘z diqqatini qimmatbaho idora binolari, mehmonxonalar, kazino va golf-klublarga qaratdi. Yillar o‘tgan sari uning faoliyati doirasiga yana restoranlar, ipoteka, poyafzal va kiyim-kechak, zargarlik buyumlari, mebel, uy uchun tovarlar, moda olami va boshqalar qo‘shildi. "AQSh go‘zali" va "Koinot go‘zali" tanlovlari Tramp biznesining "javohiri"ga aylandi.

70 yoshli magnatning 5 nafar farzandi va 8 nafar nevarasi bor. 

Saylov oldi kampaniyalari davrida u muhojirlar, ayollar, huquqni himoya qilish tashkilotlari, ziyolilar, san'at vakillari, shuningdek OAV va Demokratik partiyani o‘ziga qarshi qilib qo‘yishga ulgurdi. Biroq shunga qaramasdan milliarderning tarafdorlari soni o‘sib bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: