2 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida o‘z fuqarolik huquqlaridan foydalana olmaydigan avstraliyalik saylovchilar 14 iyundan boshlab ovoz berishlari mumkin. Bu haqda Milliy saylov komissiyasida ma'lum qilishdi. Bugundan e'tiboran maxsus saylov uchastkalari o‘z ishini boshlagan.
Saylov komissiyasida ma'lum qilishlaricha, vaqtliroq ovoz berish uchun saylovchida jiddiy sabab bo‘lishi va bu haqda saylov komissiyasi xodimini ogohlantirishi lozim. Masalan, ish vaqti to‘g‘ri kelmasligi, sayohat yoki xastaligi tufayli 2 iyuldagi ovoz berish jarayonida qatnasha olmaydiganlar hozirdan ovoz bersalar bo‘ladi. 3 yil avvalgi parlament saylovlarida, saylovchilarning qariyb 3,7 mln nafari bunday imkoniyatdan foydalangan.
Aytish joizki, Avstraliya saylovlarida ovoz berish nafaqat fuqarolik huquqi, balki majburiyati ham hisoblanadi. Unda ishtirok etmagan saylovchi jarimaga tortiladi.
Parlament saylovida hukmron Liberal milliy koalitsiya hamda muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi ko‘proq o‘rin olishi mumkinligi xabar qilinmoqda.
So‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, saylovda yaqqol favorit yo‘q bo‘lib, ikki siyosiy kuch ham bir xil imkoniyatga ega.