Toshkentdagi Xalqaro Biznes Markazda O‘zbekiston Respublikasida shamol energiyasi salohiyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan ikkinchi milliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tabiatni muhofaza qilish davlat Qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi gidrometeorologik xizmat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, «O‘zbekenergo» AJ, Yoqilg‘i va energiya alternativ manbalari korxonalari assotsiatsiyasi kabi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish institutlari vakillari qatnashishdi.
Shamol atlasiga asoslangan holda «O‘zbekenergo» AJ tomonidan ikkita istiqbolli hudud aniqlangan - bulardan biri Navoiy viloyatida va ikkinchisi Qoraqalpog‘iston Respublikasida, ya'ni ko‘plab sanoatlar rivojlangan mintaqalarda joylashgan bo‘lib, ushbu hududlarda shamol energiyasi imkoniyatlarini yanada aniqroq o‘lchash uchun ishlar olib borishga qaror qilingan. Har ikki hududda ham uzoq muddatli sifatli shamol shartlari mavjud bo‘lib (Nukusda 60 ming MVt va Zarafshonda 75 ming MVt) ular qulay joylashgandirlar.
85 metr balandlikdagi shamol tezligi va yo‘nalishini, havo zichligi va haroratini o‘lchovchi asbob uskunalar o‘rnatilgan meteorologik minoralar (machtalar) o‘rnatildi. Olib borilgan o‘lchash natijalari sun'iy yo‘ldosh orqali serverga qo‘shimcha tahlil uchun yuborilgan va u erda bo‘lajak investitsiya loyihasi uchun shamol turbinalarining eng optimal quvvati va potensial elektr energiya ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan hajmni aniqlash uchun ishlatildi. Shamol turbinalari parkida foydalanish uchun bozorda tayyor taklif etiladigan sanoat standartiga aylangan shamol turbinasi yechimlari, ya'ni 100 metr uzunlikdagi rotor, 100 metr balandlikda o‘rnatiladigan, 3 MVt generator (34 qurilma) yiliga 102 MVt∙s ishlab chiqaruvchi uskunalar tanlangan.
Har bir hududda olib borilgan o‘lchashlar natijalari quyidagilarni ko‘rsatdi: Nukus hududida yillik ishlab chiqarish hajmi 326 million kVt∙s Zarafshon hududida – 358 million kVt∙s. Har ikki hududda ham qo‘shimcha o‘lchash natijalariga asoslangan holda loyihani kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar bor.