Skandinaviyaning SAS avialiniyalaridagi shved uchuvchilar 10 iyun kuni kasaba uyushmasining mehnat sharoitlariga rozi bo‘lmaganligi tufayli boshlangan norozilik namoyishini uzaytirishdi. Bu haqida aviakompaniyaning matbuot relizida ma'lum qilindi.
"Dushanba kuni 27 ming yo‘lovchiga taalluqli 230ta reys bekor qilinadi", - deyiladi xabarda. Matbuot xizmati gap faqat shvetsiyalik uchuvchilar amalga oshiradigan reyslar haqida ketayotganiga oydinlik kiritdi.
Shvetsiya uchuvchilar kasaba uyushmasi ma'lumotlariga ko‘ra, ish tashlashda 400 kishi ishtirok etmoqda. Ular qo‘ygan talablar orasida, xususan, maoshning 3,5 foizga oshirilishi talab qilingan.
"Men shvetsiyalik uchuvchilarimiz ish tashlashga qaror qilishgani uchun SAS'ning barcha mijozlari oldida chin dildan uzr so‘rayman. Biz bunday vaziyatni bartaraf qilish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qildik, ammo, afsuski, bir qarorga kela olmadik", - dedi Skandinaviya avialiniyalarining jamoatchilik bilan aloqalar o‘rnatish bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i.
Aviakompaniya vakillari saytdagi ma'lumotlarni muntazam yangilab turishga, shuningdek yo‘lovchilarga o‘zgarishlar haqida elektron pochta va SMS orqali xabar berishga va'da berishmoqda.